O‘zbekiston poytaxtida 1-Toshkent xalqaro investisiya forumi (TXIF) o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir 2 mingdan ortiq ishtirokchilarni – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlarni birlashtirdi.
Ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari koviddan keyingi davrda iqtisodiy faoliyatni jadal rivojlantirishni tiklash va rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, bank sektori va moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini muhokama qildilar.
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investisiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi, “Sanoat kooperasiyasi. Yangi imkoniyatlar” O‘zbekiston-Xitoy investisiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etgan O‘zbekiston uchun “mamlakat platformasi” bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, forum yakunlari bo‘yicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investisiyaviy bitimlar paketi imzolandi.
Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.