“Yakkabog‘ tumani ko‘chalarida yomg‘irdan so‘ng baliq boqish mumkin”— Ogoh.uz ga aholidan murojaat

Ogoh.uz axborot-tahliliy portalimizga navbatdagi murojaat keldi. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, Yakkabog‘ tumanidagi bir qator yo‘llar abgor holatga kelib qolgan.

“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudi binosi oldidagi yo‘lning abgor axvolga kelganligi xaqida oldinroq xabar qilgan edim. Oradan bir necha kunlar o‘tib, tuproq, qum bilan yamashayotganliklarining ustidan chiqdik va ikkinchi marta yozishga majbur bo‘ldik. Bu galgisi esa uchinchisi. Maqsadimizga yetmagunimizcha yozaveramiz!”,— deya ta’kidlaydi murojaatchi.

“Yakkabog‘ tumanida joylashgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudi binosining atrofi tobora abgor axvolga kelib qolmoqda. Xattoki binoning shundoqqina yonida chiqindi tashlaydigan joy xam paydo bo‘lgan (birinchi rasmda aks etgan). Tanqidimizdan so‘ng yo‘lni tuproq va qum aralashmasi bilan yamashgan edi. Yomg‘ir yog‘ishi natijasi yamalgan tuproqdan asar xam qolmagan. Tuman raxbariyati, nahotki, shu yo‘lni ko‘rmasalar? Xokimlikdagi soha mutasaddisi (movuni) yo‘lni asfalt bilan yamatishi xaqida aytgan edi. Bunga xam qariyb ikki oy bo‘ldi»,— deya qo‘shimcha qiladi u.

Shuningdek, murojaatchi Yakkabog‘ tumani “Oq tosh” MFY Oq tosh ko‘chasidagi ahvolni qattiq tanqid qilib, ko‘chada yomg‘irdan so‘ng yig‘ilib qolgan suvda aholi baliqchilik bilan shug‘ullanishi mumkinligi haqida ma’lum qiladi.

“Oq tosh MFY Oq tosh ko‘chasidagi istiqomad qiluvchi fuqarolar, yog‘ingarchilik tufayli ko‘chalarida yig‘ilib qolgan suvdan unumli foydalanmoqchi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritmoqchi bo‘lgan Fuqarolarga kredit olishlarida ozroq yordam kerak. Maxalladagi xokim yordamchisidan, xokimlikdagi tadbirkorlar palatasi raxbaridan xolatni e’tiborsiz qoldirmasliklarini so‘rab qolamiz! Qolaversa, Yakkabog‘ tumani xokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan ham ushbu xolatni o‘rganib, ijobiy yechim topishi uchun amaliy ish qilishiga ishonamiz», deya ta’kidlanadi murojaatda.

Yakkabog‘ tumani hokimligi hamda mutasaddi rahbarlardan holatga oydinlik kiritishlarini, qachon muammolarga yechim topishlari haqida aniq ma’lumot berishlarini so‘rab qolamiz.