Norboyeva O‘zbekistonda eng korrupsiyalashgan uch sohani ochiqladi

Sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimlari O‘zbekistonda eng korrupsiyalashgan sohalar qatorida qolmoqda. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida Kengash raisi Tanzila Norboyeva ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, korrupsiyaga oid jinoyatchilikka qarshi kurash borasida olib borilgan bir qator amaliy chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatlarni fosh qilish darajasi ortgan.

“2021 yilda 5 483 nafar shaxsga nisbatan 3 769 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudlarga oshirilgan. Ya’ni sudga yuborilgan jinoyat ishlari hamda javobgarlikka tortilgan shaxslar soni o‘rtacha 3 baravarga ko‘paygan. Sudlarga yuborilgan jinoyat ishlarining har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan”, deydi Norboyeva.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan keskin choralar natijasida sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgan.