Kecha, 5 aprel kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan otishma oqibatida 2 qirg‘iz fuqarosi halok bo‘lgan, deya xabar berdi Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati.
Xabarga ko‘ra, Jalolobod viloyati Oqsiy tumanidagi Deyres qishlog‘ida bir necha qirg‘izlar otlarda O‘zbekiston hududiga noqonuniy yuk olib o‘tishga uringan. O‘zbekiston chegarasiga 500 metr qolganda o‘zbek chegarachilari ularni payqab qolgan.
O‘zbek tomonining to‘xtash haqidagi buyrug‘iga ular bo‘ysunmagan. Ularni qo‘lga olish paytida tartibsizlik kelib chiqqan va O‘zbekiston chegarachilari o‘t ochishga majbur bo‘lishgan. Oqibatda 2 nafar qirg‘iz halok bo‘lgan, qolganlari Qirg‘iziston hududida yashirinishga ulgurgan.
O‘zbekiston chegarachilari so‘zlariga ko‘ra, chegarani buzganlar 20 ming dollar miqdorida kontrabanda mahsulotlarini olib o‘tishga harakat qilishgan. So‘ngroq ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lganlar O‘zbekistonda tug‘ilgan, keyinchalik Qirg‘iziston fuqaroligini olishgan. Shuning uchun ularda o‘zbek pasporti saqlanib qolgan.
O‘sha kunning o‘zida ikkala davlat chegara xizmatlari vakillari tezkor yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni o‘rganishgan. Bugun esa O‘zbekiston tomoni halok bo‘lgan 2 qirg‘iz jasadini Qirg‘izistonga topshirgan.