Vazirlar Mahkamasining navbatdagi Rayosat majlisida OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun bir qator rahbarlar qattiq ogohlantirish oldi.
Ta’kidlanishcha, Vazirlar Mahkamasining navbatdagi Rayosat majlisida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4366-son qarori ijrosini ta’minlashda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining mas’uliyati to‘g‘risidagi masala muhokama qilingan.
Muhokamada Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ochiq ma’lumotlar o‘n kundan bir oygacha kechiktirib e’lon qilinganligi aytib o‘tilgan.
Shuningdek, o‘rganilgan 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy veb-sayti ishlamayotgani haqida gap boradi. Bir qancha idoralarning matbuot xizmati yaxshi ishlamaydi, bajarilgan ishlar ommaga yaxshi yoritilmasligi ta’kidlangan.
Olib borilayotgan ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni yetarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi A.Abduvaliyev va Andijon shahri hokimi B.Haydarov ogohlantirilgan.