Ochiqlikdan yopiqlik sari: endi qonunchilik hujjatlarining ayrimlari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaydi

Endi idoralar xalq muhokamasiga o‘zlari tayyorlayotgan barcha hujjat loyihalarini emas, balki o‘zlariga ma’qul va jamoatchilik bilan hisoblashish muhim bo‘lmagan hujjatlarnigina muhokamaga qo‘yish bilan cheklanishi mumkin. Barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun regulation.gov.uz portaliga majburiy joylashtirish tartibi 2022 yil 17 martdan boshlab bekor qilingan. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining telegram kanalida ma’lum qilgan.

“Kuni kecha “tashabbusli byudjet”ning jamoatchilik faolligini oshirishdagi ahamiyati haqida to‘lqinlanib, quvonch bilan gapirayotgandik.

Bugun esa jamoatchilik mamlakat qonunchiligini shakllantirish, rivojlanishda oddiy odamlarning ishtirokini ta’minlashda muhim bo‘lgan resursdan bilvosita mahrum etildi. Endi idoralar xalq muhokamasiga o‘zlari tayyorlayotgan barcha hujjat loyihalarini emas, balki o‘zlariga ma’qul va jamoatchilik bilan hisoblashish muhim bo‘lmagan hujjatlarnigina muhokamaga qo‘yish bilan cheklanishi mumkin”, — deya yozadi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 4 yil oldin o‘rnatilgan tartib bundan qariyb bir oy oldin bekor qilingan, Adliya esa bu haqda o‘z resurslarida xabar ham bermagan.

Ma’lum bo‘lishicha, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun regulation.gov.uz portaliga majburiy joylashtirish tartibi 2022 yil 17 martdan boshlab bekor qilingan.

Shu kuni qabul qilingan prezident farmoniga asosan, 2018 yil 3 apreldagi qarorga o‘zgartirish kiritilib, undagi «barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari» so‘zlari «muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida» so‘zlari bilan almashtirilgan.

Qizig‘i aynan qanday turdagi hujjatlar «muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega» bo‘lishi, bunday kriteriyni kim belgilashi ochiq qoldirilgan.

To‘g‘risi jamoatchilik vakili sifatida bu qilingan ishni umid bilan faollashib, uyg‘onib borayotgan jamiyatning ruxini tushirish, deb hisoblayman, deya qo‘shimcha qilgan u.