“Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Menda ko‘p ma’lumot bor” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev poraxo‘rliklar bo‘yicha qo‘lida juda katta ma’lumot borligini takidladi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlab o‘tildi.

“Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tiborini yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.

Bugungi selektor doirasida tadbirkorlik uchun juda katta kredit mablag‘lar – qo‘shimcha 500 million dollar ajratilmoqda.

Nima uchun? Chunki, qanchalik qiyin bo‘lmasin, hozirgi murakkab vaziyatda xalqimiz farovonligini, davlatimizning barqaror rivojlanishini o‘ylashimiz shart.

Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m byudjetdanmi, bankdanmi – bu hammasi xalqning puli. Infrastrukturaga javob beradigan, gaz, svet va hokazo, o‘shalar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti, menda ko‘p ma’lumotlar bor. Shuncha qiynalib topgan pulimizni, halollik bilan xalqimizga yetkazishga harakat qilyapmiz, lekin yoo‘limizda yer berish, yer olish, yer sotish. Bilasilarmi qanday menga alam qiladi bunday narsalarni eshitish.

Mablag‘lar faqat va faqat o‘zini oqlaydigan, odamlarning daromadini oshiradigan va ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga yo‘naltirilishi kerak.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari, iqtisodiy va investisiya komplekslari tarkibiga kiruvchi idoralar, ayniqsa soliq, bank, infratuzilmaga javob beradigan idora rahbarlarini qat’iy ogohlantirmoqchiman.

Ushbu rahbarlar tadbirkorning har bir loyihasini amalga oshirishga shaxsan mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Byurokratiya va korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlar kechirilmaydi, aybdorlar so‘zsiz javobgarlikka tortiladi”, dedi Prezident yig‘ilish yakunida.