Bugun ijtimoiy tarmoqlarda taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov yo‘qolib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Aytib o‘tilishicha, siyosatshunos kuni kecha uydan chiqib ketgani beri hali-hamon daraksiz.
«Bugun jiddiy mavzuda «Tahlil» ko‘rsatuvini suratga olmoqchi edik, lekin Kamoliddin Rabbimov kelmaganligi uchun qoldirildi. Bunday odatlari yo‘qligi uchun ozgina xavotir ham paydo bo‘ldi. Ukalari bilan gaplashsak kecha soat 15:00da uydan chiqqanlari bo‘yicha qaytmabdilar. Azon guruhi xodimlari ham kecha 18:30 larda oxirgi marta gaplashishgan, shundan beri aloqaga chiqmayaptilar», — deb yozadi Аzon.uz muxbiri Gʻayratxo‘ja Saydaliyev.
Ijtimoiy tarmoq faollarining yozishicha, siyosatchi videosharhlaridan birida 1920 yillar atrofida ruslar bir necha ming faol talabalarni bir joyga to‘plab yoqib yuborgani haqida aytib o‘tgan.
«Hozirgina Kamoliddin aka bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. Telefondagi suhbatimiz qisqa, 5-6 soniya davom etdi.
Kamoliddin akani aytgan gapi shunday bo‘ldi: «Panelni»daman, 15 sutka»
Demak ayni paytda Kamoliddin Rabbimov xalq tilida «panelni» deb ataluvchi vaqtincha saqlash hibsxonasida qolmoqda», deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.
Kamoliddin Robimov nima sababdan hibsxonada ekanligi ochiqlanmagan.
Kamoliddin Robbimov O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati shakllantirish muammolari, diniy omil, globallashuv jarayoni va uning o‘zbek jamiyatiga ta’siri kabi yo‘nalishlar atrofida tadqiqotlar olib boradi. U 1977 yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1999 yilda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universitetini arab, ingliz tillari mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.