Avvalroq, Kamoliddin Rabbimovning o‘n besh sutka maʼmuriy qamoqqa olingani va ortidan IIV matbuot kotibi Sh.G‘iyosov bergan xabarga asoslanib, uyiga qo‘yib yuborilgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar sudi taniqli siyosatshunos bilan bo‘lgan voqeaga biroz oydinlik kiritdi.
Maʼlum bo‘lishicha, avvaliga rostdan ham K.Rabbimovga nisbatan “uzil-kesil 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan”.
Biroq keyin “ushbu qaror ustidan K.Rabbimov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining K.Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirilgan”i bildiriladi.
“Aniqlanishicha, 2022 yil 17 aprel kuni K.Rabbimov va Sh.Samandarov Toshkent savdo markazi (Shayxontohur tumani) oldidagi jamoat joyida shovqin qilib turishgan vaqtda shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari kelib, ularning shaxsini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilishganda, ularga qarshilik ko‘rsatib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni omma oldida haqorat qilishgan.
Huquqbuzarlar K.Rabbimov va Sh.Samandarovning harakatlari ishda mavjud to‘plangan dalillar, jabrlanuvchi Z. Tursunovning arizasi, guvohlarning tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.Sudning qaroriga ko‘ra:K.Rabbimov Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) da nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qo‘llanish) ga asosan uzil-kesil 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Sh. Samandarov Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Ushbu qaror ustidan K. Rabbimov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining K. Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirildi.
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 18 apreldagi qarori bilan K.Rabbimovga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirildi. Qarorning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi” deyiladi bayonotda.