«Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining axborot kanalida ma’lum qilindi.
Hujjat bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida maktablar bilan hamkorlikda xizmat qiladigan katta inspektor lavozimi joriy etildi (umumiy shtatlarda). Qarorga ko‘ra, maktablarda ko‘ngilli yoshlar ishtirokida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qiluvchi «Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi» klubi hamda «Yashil chiroq» musobaqasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 1 sentyabrdan «Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi» shiori ostida bog‘cha tarbiyalanuvchilari va o‘quvchilarga yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-ko‘rgazmali o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan «Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi» klubini tashkil etish va «Yashil chiroq» musobaqasini o‘tkazish tartiblari tasdiqlandi. Klubga 9-11-sinf o‘quvchilari a’zo bo‘lishi mumkin. Musobaqa g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.