Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida “Kinder” savdo belgisi ostida Belgiyada ishlab chiqarilgan shokolad mahsulotlari sotuv rastalaridan olib tashlanmoqda.Chunki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, hozirgacha dunyoning 11 davlatida salmonellyoz kasalligiga chalinish holatlari keskin oshib ketishi ayni shu shirinliklar bilan bog‘liq. Zararlangan shokolad mahsulotlari kamida 113 mamlakatga tarqatilgani aytilmoqda.
Ayni paytga qadar salmonellyoz bilan bog‘liq 151 holatdan 150 tasi Yevropada ro‘yxatga olingan bo‘lsa, qolgan biri AQSHda kuzatilgan. Shu sababli ana shu va boshqa hududlarda “Kinder Surprise”, “Kinder Mini Eggs”, “Kinder Surprise Maxi» va “Kinder Schoko-Bons” nomli mahsulotlar do‘konlardan qaytarib olinyapti.
Mutaxassislar izohiga ko‘ra, salmonellyoz insonning oshqozon-ichak traktiga zarar yetkazuvchi bakteriyalardir. Ushbu infeksiya ko‘p hollarda bemorlarda yengil alomatlar bilan kechsa, baʼzi turlari odamlarda o‘tkir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Umumiy simptomlar orasida diareya, isitma, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi ko‘p kuzatiladi. Kasallikka aniq tashxis qo‘yish uchun mikrobiologik va bakteriologik tahlillar zarur.
Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonda vaziyat qanday?
SSV xabariga ko‘ra, hozirgacha mamlakatimizda shokolad orqali salmonellyoz infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilgani yo‘q. Shunga qaramay, ehtiyot choralari kuchaytirilib, yurtimizga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklar qatori, “Kinder” savdo belgisi ostidagi mahsulotlarning xavfsizligi ham nazoratdan o‘tkazilyapti.