Kuni kecha Internet saytlarining birida davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati haqida qator jurnalistlarning fikrlari eʼlon qilindi. Bunday munosabatlarni vaqti-vaqti bilan omma eʼtiboriga havola etish davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatiga ijobiy taʼsir qiladi, albatta.
Biroq bildirilayotgan fikrlar xolis va haqqoniy bo‘lmagani yuzasidan Bosh prokuratura Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
«Biz bilan hech qachon aloqa qilmagan “Zamon” informatsion dasturining jurnalisti Jahongir Olimov Bosh prokuratura matbuot xizmati haqida keskin fikr bildirar ekan, tizim jurnalistlar uchun yopiqligi, ko‘plab holatlar bo‘yicha televideniye uchun intervyu olish qiyin ekanini iddao qilibdi.
Bunday biryoqlama va asossiz munosabatga mutlaqo qo‘shilmaymiz.
Keng jamoatchilik ko‘rib-bilib turibdi: Bosh prokuratura matbuot xizmati nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, Internet saytlar, balki respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha davlat va nodavlat teleradiokompaniyalar bilan yaqindan hamkorlikni o‘rnatib, o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Hamkorlik deganda prokuratura organlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishgina nazarda tutilayotgani yo‘q.
Balki bevosita tizim vakolatiga oid rezonans xabarlarga Bosh prokuratura matbuot xizmati tezkorlik bilan munosabat bildirib kelmoqda.
Uzoqqa bormaylik, joriy yilning yanvar oyida aynan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar orasida davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
So‘rovnoma yakuniga ko‘ra, Bosh prokuratura Matbuot xizmati “Yilning eng faol matbuot kotibi” nominatsiyasida 1-o‘ringa loyiq deb topilgani ham tizim yopiq emasligi, aksincha, jurnalist va blogerlar uchun ochiq ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi», deyiladi xabarda.