Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston manbalariga tayanib, go‘yoki 2022- yil 4-mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida otishma sodir bo‘lgani, uning oqibatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, tarqatilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilyapti.
Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ham turli internet nashrlarida paydo bo‘lgan maqolalarni yolg‘on va asossiz deb atadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalaridan jurnalist etikasiga qatʼiy rioya qilishga, o‘z manbalarida noto‘g‘ri va tekshirilmagan maʼlumotlarni joylashtirishdan saqlanishga chorlaydi, deyiladi rasmiy xabarda.