“Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–237-son, 07.05.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etildi.
Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan taʼsis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Universitetda taʼlim grant va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2022/2023- o‘quv yilidan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida quyidagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari tashkil etiladi:
• Aqlli qishloq xo‘jaligi (Smart Agriculture);
• Agronomiya;
• Biotexnologiya;
• Agroiqtisodiyot;
• Chorvachilikni rivojlantirish;
• Oziq-ovqat xavfsizligi;
• Agrologistika.
Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.
Qarorga ko‘ra, Universitetda davlat muassasasi shaklidagi Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center) tashkil etildi.
Shuningdek, 2022- yil yakunigacha talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazi tashkil etiladi.