Farg’onada jurnalistdan tanqidiy chiqishi sababli ishdan bo’shash to’g’risida ariza yozish talab etilgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tuman hokimligi nashri – “Buvayda ko‘zgusi” gazetasida faoliyat olib borayotgan jurnalist Sharifa Murod tomonidan eʼlon qilingan, Buvayda tumanidagi fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarilishining qonuniyligini tahlil qilgan tanqidiy chiqishi sababli ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozish talab etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi:

» Avvalo, shuni qayd etish lozimki, jurnalist o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash huquqiga ega. Tanqidiy materiallar eʼlon qilganligi uchun jurnalistni taʼqib qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini taʼminlaydi.

Sharifa Murodning ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishi uchun ishdan bo‘shatishga urinish, bilan bog‘liq holat masʼul idoralar tomonidan oxirigacha o‘rganib chiqiladi, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi tasdiqlanadigan bo‘lsa, bunga yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Buvayda tumanidagi fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarilishining qonuniyligi bilan bog‘liq masalani o‘rganib chiqish uchun viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh shakllantirildi, o‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot eʼlon qilinadi» — deyiladi xabarda.