“Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (255-son, 12.05.2022 y.) qabul qilindi.
Nizomga muvofiq, O‘zbekiston va chet davlatlar fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1 foizi ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda qaytariladi .Quyidagi cheklar soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:
- berilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgan cheklar;
- avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarilgan cheklar;
- avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari;
- shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari.
Jismoniy shaxs tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qaytarib olinishi ushbu jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi. Shuningdek, qaror bilan maxsuc dastur orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan holatlar haqida soliq organlarini xabardor qilgan jismoniy shaxslarga pul mukofotini to‘lash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.Unga ko‘ra, soliq organlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari haqida soliq organlarining maxsus dasturi orqali quyidagi maʼlumotlar ko‘rsatilgan holda xabardor qilinadi:
- sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik turi;
- soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyekt joylashgan joy.
Huquqbuzarliklar haqida xabar berishda jismoniy shaxs soliq organlarining maxsus dasturida mobil telefon hamda bank kartasi raqamlarini ko‘rsatadi.Bir martalik pul mukofoti soliq huquqbuzarliklari uchun belgilangan jarimalarning 20 foizi miqdorida belgilanadi.Jismoniy shaxslarga bir martalik pul mukofoti quyidagi holatlar to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilganlik uchun to‘lanadi:
- onlayn nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibi buzilganligi;
- naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bo‘yicha to‘lov shakliga qarab narxlar sunʼiy ravishda oshirilganligi yoki pasaytirilganligi;
- tadbirkorlik faoliyati davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirilganligi;
- identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi;
- savdo va xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining buzilishi aniqlangan boshqa holatlar.