21-sonli Mehribonlik uyi direktorining ishdan olingani sababi ma’lum qilindi

Avvalroq, Toshkentda mehribonlik uyida bolalar norozilik namoyishi uyushtirilganligi haqida xabar tarqalgan edi.

Xabar asosida Yunusobod tumani prokurori rahbarligida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan 21-son Mehribonlik uyining faoliyati tekshirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura Ogoh.uz‘ ga qo‘shimcha maʼlumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, tekshirish davomida muassasada nosog‘lom va qoniqarsiz muhit tufayli ayrim tarbiyalanuvchilarda norozilik kayfiyati paydo bo‘lganligi va namoyish uyushtirilganligi aniqlangan.

Shu sababli, 26 aprel kuni 21-sonli Mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Bundan tashqari, tekshirish davomida muassasa mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining noqonuniy hatti-harakatlari oqibatida o‘zganing ko‘p miqdordagi mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi maʼlum bo‘lganligi aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan 16 may kuni Jinoyat kodeksining 167, 205 va 207-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.