Qarshida taksi haydovchilari yo‘lni to‘sib qo‘yganining sababi ma’lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida kamar masalasi bo‘yicha odamlar yig‘ilayotgani holati aks etgan videoxabarlar tarqaldi. Mazkur hodisa yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Joriy yilning 26 may kuni soat taxminan 14:00lar chamasida Qarshi shahar, Islom Karimov ko‘chasida joylashagan Transport kolleji ro‘parasida, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilari tomonidan norozilik bildirilib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab masʼullarga murojaat bilan chiqishgan.

Maʼlumot o‘rnida, 2022 yil 14 may kuni Islom Karimov ko‘chasida “Lochin ko‘z-Q” dasturi asosida kameralar o‘rnatilib ushbu kameralar orqali xavfsizlik kamari qoidabuzarliklarini aniqlash ishga tushirilganligi to‘g‘risida Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy sahifasi hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot berilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. “Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga rioya etishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.