O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan koronavirusning to‘liq genomlari birinchi marta O‘zbekistonda o‘qildi va bioinformatik tahlil ishlari olib borildi. Natijalar koronavirus genom ma’lumotlari uchun ochiq ma’lumotlar tarmog‘i – GISAID’ga joylandi va tegishlicha rasmiylashtirildi.
Qayd etilishicha, shu tariqa O‘zbekiston o‘z hududida koronavirusning barcha variantlarini DNK ketma-ketligining to‘liq sekvenlagan 50 ta mamlakat qatoriga kirdi. Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya va jamoat sog‘lig‘i boshqarmasi hamda Biogen Med xususiy klinikasidagi birlamchi virus yuqtirgani tasdiqlangan fuqarolarining 62 nafaridan namunalar olingan va yangi avlod sekvenatori yordamida ularning 32 ta genomi to‘liq sekvenlash orqali tahlil qilingan yoki boshqacha qilib aytganda, DNK ketma-ketligi o‘qilgan. Bu 29 903 nukleotid deganidir.
Shuningdek, olimlar qator bioinformatik tahlillar yordamida (Nextclade) O‘zbekistonda tarqalgan virus variantlari hozirgacha o‘qilgan koronavirus ma’lumotlar bazasidagi genomlar bilan solishtirganlar. Natijada, O‘zbekistondagi COVID-19 variantlarining 18 tasi shajaradagi o‘rni aniqlangan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda uchrayotgan COVID-19 ning variantlari GR (20V) va S (19V) guruhlariga mansubligi ayon bo‘lgan. Shajaraning GR (20V) tarmog‘ida O‘zbekiston bilan birgalikda asosan Yevropa, Osiyo, Afrika va Avstraliya qit’asi vakillari joylashgan bo‘lsa, S (19V) guruhida esa Osiyo va Afrikaga xos virus genomlari joylashgan. Bu ushbu ikkita guruh orqali mamlakatga kirib kelgan viruslarning manbai bitta emasligini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, SARS-CoV-2 virusining genom ma’lumotlari ilk bora 2020 yilning yanvar oyida Xitoyda aniqlangan. O‘sha paytdan boshlab butun dunyoda tarqalgan koronavirus namunalari olinib, genomlarini sekvenlash ishlari boshlangan. Genomlarni aniqlash mahalliy va global miqyosda epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lib, virusning evolyutsion tahlilini amalga oshirish, uni qayerda paydo bo‘lgani, qanday mutatsiyalarga uchragani va boshqa ma’lumotlarni beradi. Bu ma’lumotlar yordamida esa vaksina yaratiladi. O‘zbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi ma’lumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yo‘naltirilgan milliy vaksinamizni yaratish ishlari uchun o‘ta muhimdir.
“O‘zbekistonda tarqalgan COVID-19 variantlarning to‘liq genom DNK ketma-ketliklarining aniqlanishi va dunyo ma’lumotlar bazasi bilan qiyosiy tahlillari virusning O‘zbekiston sharoitida o‘zgarishini doimiy monitoringini amalga oshirishdagi katta qadam bo‘ldi. Qolaversa, bu oxirgi yillarda Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va olimlarimizga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlarning dastlabki natijalaridan biridir”, deyiladi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.