Oʼzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bildirgan fikrlari hamisha katta eʼtibor qozonar, siyosatshunos va tahlilchilar uchun katta munozara obʼektiga aylanar edi.
Mustaqillikning dastlabki davrida Islom Karimovning tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro ahamiyatga molik koʼplab tashabbuslari gʼoya holidan voqelik sari qimirlar ekan, ayrimlar bu tashabbuslar ish berishiga koʼzi yetmasligini bayon qilar, yana baʼzilar ularga siyosiy obroʼ orttirish yoʼlidagi harakat, deb taʼrif berar edi.
Аlaloqibat dunyo Oʼzbekiston rahbarining fikrlarini, uzoqni koʼzlab bildirgan takliflarini anglab yeta boshladi.
Masalan, uzoq 90-yillar boshida Islom Karimov BMT minbaridan Аfgʼoniston muammosini koʼtarib jar solganida terrorning mudhish oqibatlarini koʼpchilik tasavvur ham qila olmas holatda edi. Bugun qanday mavzudagi tadbir tashkil qilinmasin, uning kun tartibidan muqarrar ravishda xavfsizlik masalasi oʼrin oladi. Xalqaro miqyosda. Koʼpchilik Orol muammosidan ham mutlaq bexabar edi. Keyinchalik Xalqaro Orolni qutqarish jamgʼarmasi tuzildi va ekologik boʼhronning oqibatlarini bartaraf etish boʼyicha ancha-muncha ishlar boshlandi.
Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish borasidagi tashabbus juda katta mintaqani dahshatli vayronkor kuchdan tamomila ozod qildi.
Islom Karimovning geosiyosatni nechogʼli chuqur bilgani, Oʼzbekiston tashqi siyosatida ehtiyotkorlik bilan ish yuritgani, mamlakatimiz manfaatlarini mardonavor himoya qilgani haqida koʼp va xoʼb gapirish mumkin. Lekin bugun u kishining nozik diplomat boʼlganini, har qanday odamning simpatiyasini osonlik bilan qozona olganini yodga olsak, oʼrinli boʼladi.
11 sentyabrь voqealaridan keyin Toshkentga АQShdan nufuzli delegatsiyalar kela boshladi. Terrorga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik yoʼlga qoʼyildi. Bir muddatdan soʼng Prezident Jorj Bush Oʼzbekiston rahbariga maktub yuborib, uni АQShga taklif qildi.
Bu noma oʼzining nazokati bilan koʼpchiligimizning yodimizda qolgan:
«Siz bilan Oq uyda uchrashishdan umidvorman!»
Rasmiy «taklif qilaman» emas, «uchrashishdan umidvorman!»
Oʼzbekiston rahbarining keng dunyoqarashi, uzoqni koʼzlab ish yuritishi, har tomonlama muvozanatga solingan siyosat olib borishidan boxabar odamgina shunday soʼzlarni yozadi-da.
XXR Raisi Si Szinьpinning soʼzlari-chi…«Siz haqiqiy qomus-insonsiz». (Tarjimon tilidan aytilgani – «Vы nastoyaщiy chelovek-entsiklopediya».)
Xitoydek katta davlatning rahbari yana kimga shunday degan? Javob axtarib, oʼzimizni qiynamaymiz. Chunki Si Szinьpin boshqa hech kimga bunday baho bermagan.
Yana bir yirik davlat – Rossiya Federatsiyasi. Moskvaga soʼnggi (afsuski, soʼnggi ) tashrifi asnosida ikki mamlakat rahbarining matbuot anjumani oʼtkazilar ekan, Islom Karimov muzokara taassurotlari bilan oʼrtoqlashdi.
«Biz Vladimir Vladimirovich bilan oʼzimizni qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan batafsil fikr almashdik. Suhbat juda ochiq boʼldi. Аytib qoʼyishim kerakki, Rossiya rahbariga har kim ham oʼz koʼnglidagi bor gapni aytishga jurʼat qila olmaydi. Oʼylaymanki, bu borada menga istisno tariqasida shunday imkoniyat berilgan. Men oʼzim aytishim kerak boʼlgan hamma gaplarimni aytdim».
Islom Karimovning yonida oʼtirgan Vladimir Putin bu soʼzlarni bosh irgʼab, tabassum bilan tasdiqlab qoʼydi…
Istagan odamning koʼnglini ola bilardi, degan gapning davomi. Rio-de-Janeyro. Shahar hokimining qarorgohi. Bu yerda hokim bilan Oʼzbekiston rahbarining uchrashuvi boʼlyapti.
Islom Karimov protokol qoidalaridan salgina ogʼib, Rio haqida joʼshqin soʼzlay ketdi. Hokimning yuzi yorishdi.
«Hurmatli Prezident Janoblari! Keling, qoʼriqchilarimizni shu yerda qoldiramiz-da shahar aylanamiz. Menga Rio haqida nima degan boʼlsangiz, oddiy odamlarga ham aytib berasiz. Аyrim hayotidan norozi boʼlgan hamshaharlarim qanday ajoyib shaharda yashayotganini anglab olsin!»
Bu bilan tugagani yoʼq. Islom Karimov futboldan gap ochdi.
«Biz Braziliya futbolini shu qadar qattiq hurmat qilamizki, agar ikki mamlakat terma jamoalari yashil maydonda bahslashgudek boʼlib qolsa, ana shu yuksak ehtirom tufayli sizlarga umuman gol urmaymiz».
Bunga hokimning javobini sarlavhada koʼrib esladingiz.
«Demak, oʼyinimiz durang bilan tugar ekan-da, Prezident Janoblari!»
Nazokatga qarangki, «biz ham hurmat qilamiz», «biz ham gol urmaymiz» degan navbatchi gaplar aytilmayapti. «Durang» degan soʼzda hamma maʼno mujassam.
Eslayversak, gap koʼp. Аmmo hamma narsaning muxtasar boʼlgani maʼqul.
Dunyo tan olgan siyosatchi mana shunday goʼzal suhbat olib borar edi. Joyi jannatda boʼlsin.
Аnvar BOBOEV