Fuqarolarga uy-joy qurish uchun qalbaki kadastr hujjatlari tayyorlab bergan sobiq xodimning kirdikorlari fosh etildi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro U.R. Toshkent viloyati “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” Davlat korxonasi Piskent tumani filiali mutaxassisi vazifasida ishlagan paytida, tuman hududida bo‘sh turgan 12 sotix yer maydonini ikki nafar fuqaroga uy-joy qurish uchun 6 sotixdan ajratib berish evaziga jami 4 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritib, ularning nomiga qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.