Jurnalist xalqaro festivaldan qaytishda vafot etdi, biroq rasmiylar hamon jim

Bugun internet tarmog‘ida «Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri, taniqli jurnalist, mohir ijodkor Saidjon Maxsumov 35 yoshida avtohalokat hodisasi oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, YTH tafsilotlari maʼlum qilindi. Unda aytilishicha, sodir bo‘lgan voqea natijasida yana 3 nafar yo‘lovchi vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Tuproqqalʼa tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida qo‘shimcha maʼlumot ham eʼlon qilindi.

Ammo jurnalist Nukusda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshi festival-tanlovining yoritilishida qatnashgan, davlat miqyosidagi tadbirdan kelayotgan bo‘lsa, nega unda rasmiylar hamon jim o‘tirishibdi?

Jurnalistlar himoyachisi bo‘lgan Jurnalistlar uyushmasi, AOKA ham jim? Ularga biror kim «bo‘ldi, yozaver» deyishi kerakmi, keyin ular biror so‘z yozib, ommaga taqdim qilishadimi?

Ommaviy tadbir boshlanishida, ura-urachilikka birinchi o‘ringa turib olgan tashkilotlarning bu paytda “pisib” o‘tirishi hech qanday meʼyorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Ular birinchilardan bo‘lib bu haqida xabar berishlari, boshqa jurnalistlarni ogohlikka chaqirishlari kerak emasmidi?

So‘zimizni shu yerda tuxtatib turamiz, zero hali aytar so‘zimiz ko‘p. Endi gal masʼullarga.

Leave a comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan