Hammaga ma’lumki, 28 cyentyabr – 3 oktyabr kunlari «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur festivalda mehmonlar qatorida hind, turk va boshqa taniqli kinoyulduzlarni ko‘rishimiz mumkin. Ular orasida Mitxun Chakraborti , Huma Qureshi , Sanjay Gupta, O‘zjan Deniz, Serdar O‘rtach, Melisa Asli Pampuk, Nazan Kesal, Filez Ahmet, Stiven Sigal va boshqalar bor.
Tag‘in bu hammasi emas, kinofestivalga 150 dan ziyod mashhur kinoijodkorlar kelishi kutilmoqda.
Bugun ularning aksariyati yetib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Gullar, bir gala olomon ularni olqishlab kutib oldi.
Qiziq, o‘zi shundoq ham jar yoqasida emas, jarga qulab bo‘lgan o‘zbek kinosining nimasini dunyoga ko‘rsatmoqchimiz? Bu yaqin o‘n-yigirma yillikda birorta esda qolarli kino oldikmi? «Bir ko‘rishlik»dan bir pog‘ona bo‘lsa ham oshdimi?
«Mendurman Jaloliddin»ni turklar ishladi. Asosiy sarmoya ham ularga ketdi. To‘g‘ri o‘zimizda bir ikki «usta»lar yaxshigina uy-joy mashinali, katta biznesli bo‘lib olishdi, biroq asosiy sarmoya chetga chiqib ketdi.
O‘zbek birovga oshlatib mazza qiladi degani rost gap shekilli. Bir tomonda xalq qishga tezak g‘amlab ovvora, bir tomonda tepa qatlam ishtonning yamog‘ini berkitib ovvora. Bu yoqda tashqi qarzlar o‘sgandan o‘sib, naqd 35 mlrd. dollar bo‘ldi. Festival bahona yana biror 10 mlrd. dollar qarz olsak ham ajab emas.
Biz boymiz. 150 mamlakatdan kelayotgan mehmon uchun qancha sarf-xarajat ketadi? Yotish-turishi, yeb-ichishi, sovg‘a-salom… Bu ham yetmagandek ularni chaqirish uchun «qadam haqqi» ham kichkina pul turmas.
Birgina Burak Uzchivit 2019 yil Toshkentga tashrif buyurib 379 ming dollar ishlab olgan edi. Tag‘in cho‘ntagi chuqur «kattakon»larning xotinlari falon pul to‘lab aktyor bilan birga tushlik qilgandi.
Koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalgani haqida gapirmasa ham bo‘lar. Pandemiya butun xalqni ezib qo‘ydi. Rasmiylar bunaqa tadbirlar oldi statistikani ham atay pastlatishni buyuradi. Tadbir o‘tib bo‘lgach kasallanish avj oladi. Ertadan boshlanadigan kinofestivalda ham «it egasini, mushuk bojasi»ni tanimay qolishi tabiiy. Xalq urra bostirib keladi. Hamma rasmga tushaman deb o‘zini otadi. Qarabsizki xalqimizning yana bir sharmandali holati namoyon bo‘ladi.
Nima ham derdik, axir biz to‘yda bor pulini sochib mazza qilgan xalqmiz…