«Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib— taraqqiyning boshlangʻichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib koʻpayturmaguncha taraqqiy yoʻligʻa kirub madaniyatdan foydalanmas»– degan edilar jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy. Tarixdan maʼlumki, maktab–taʼlim maskani boʻlib, unda koʻpincha zodaganlar, ziyolilar oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan. Yozuvchi Sadriddin Ayniyning «Eski maktab» qissasidagi barcha holatlar oʻtmishdagi maktablar tizimini aniq tasvirlab bergan.
Shu vaqtgacha taʼlim maskani deya qaralib kelgan maktablar haqida bugungi kunga kelib fikrlar biroz oʻzgargandek nazarimda.Soʻnggi vaqtlarda OTM ga kirish uchun tayyorgarlik koʻrayotgan yoshlarimiz ongida «Repetitor» degan soʻz shakllanib qoldi. Aslida pul sarf etib, boriladigan toʻgaraklardagi bilimlar maktabda ham beriladi. Lekin oʻsmir yoshlar, oʻquvchilarning koʻpchiligi maktabdan tomonidan beriladigan bilimni olishni xohlamaydi.
Yoshlar orasida maktab shunchaki forma talab etiladigan yoki davomat uchun boriladigan joydek boʻlib qolmoqda. Maktab bilim beradigan boshlangʻich poydevor ekanligini bilamiz. Bu poydevor mustaqil qurilmadimi, demak, keyingi taʼlimdan katta umidlarni kutishimiz ham oʻrinsizdir.
Yaqinda ukam birinchi sinfga qabul qilindi. Maktabga bormasdan oldin uni qiziqtirish uchun maktabni juda ham boshqacha taʼriflab bergandim. Katta ishtiyoq bilan maktabga qadam tashlagan boladan : «Maktabda menga sovgʻa beradi degan edingiz. Haliyam sumka berishmadi. Televizordan demak bizni aldashar ekan-da», degan gaplarini eshitib, ochigʻi nima deyishni bilmay qoldim. Chunki baʼzi viloyatlarda 1-sinf oʻquvchilari uchun berilishi kerak boʻlgan maktab sumkalari kechikib kelganligini bilamiz.
Umuman olganda, pandemiya yurtimizning turli sohalariga salbiy taʼsir koʻrsatgani kabi taʼlim tizimini ham chetlab oʻtmadi. Masofaviy taʼlim sharoitida oʻqishga majbur boʻlingan vaziyatda koʻpchilik ota-onalar farzandlariga mobile telefonlar, kompyuterlar olib bergan, albatta. Lekin bu bilan hech qanday faktga tayanmasdan ayta olamanki, oʻsmirlarning, maktab oʻquvchilarining bilimga boʻlgan salohiyatini susaytirib qoʻydi.
Axborot asrida yashayotgan bir davrda texnologiyalardan foydalanish notoʻgʻri demayman, biroq qanday maqsadda foydalanish jihatidan farq qilishi turgan gap. Qush ikki qanoti boʻlmasa, ucha olmagani kabi, bolaning komil inson boʻlib shakllanishida taʼlim va tarbiyani ham bir-biridan ajratib boʻlmaydigan tushunchadir. Bu borada oddiy aholini, ota-onalarni fikrini bilishga harakat qilib koʻrdim.
Ism-familyasini oshkor etishni xohlamagan bir fuqaro shunday javob qaytardi:– Ikki nafar farzandim bilan yolgʻiz yashayman. Balki meni moddiy jihatdan yordamga muhtoj ekanligim uchunmi, maktablarda «yigʻdi-yigʻdi» koʻpayib ketayotgandek. Bir qarasangiz, sinf remonti uchun, bir qarasangiz, qaysidir bayram uchun, oʻqituvchining tugʻilgan kuni uchun, sinfga yangi parda olish uchun…
Bu holat kuchaysa, kuchayyaptiki, lekin hecham toʻxtamayapdi. Bilmadim, bu holat yana qachongacha davom etadi…Dunyoda taʼlim tizimi boʻyicha Yaponiya davlati birinchi oʻrinda turishini bilamiz. Shu oʻrinda Yaponiya maktab taʼlimining afzalligi nima degan savol koʻpchilikda tugʻilishi tabiiy hol, albatta.
Eʼtiborimni tortgan jihati shundaki, Yaponiyada har bir oʻquvchi 1-sinfdan boshlab biror cholgʻu asbobi chalishni oʻrgana boshlaydi. Musiqa asboblari har bir oʻquvchiga yetadi. Boshlangʻich sinfni bitirgunga qadar kamida bir yoki ikkita cholgʻu asbobini chalishni oʻrganish shart. Bolalar nota bilan bemalol ishlay oladi. Sport va musiqaga qiziqish yuqori boʻlgani sababli, bu fanlardan toʻgaraklar muntazam olib boriladi.
Maktabda oʻqigan paytimda ustozimizning simlari shikastlanib ketgan, qoʻlimiz bilan ushlab koʻrish armon boʻlib qolgan ruboblari bor ekanligini, bizga unda faqatgina oʻzlari kuy chalib berishlarini yaxshigina eslayman. Bundan tashqari, yaponlar kitobxonlikka katta eʼtibor qaratadi. Boshlangʻich sinf oʻquvchisi haftada 2 ta kitob oʻqiydi. Kutubxona formulyarini oʻquvchi oʻzi toʻldiradi. Vaqti-vaqtida kutubxonachi muhr bosib qoʻyadi. Boshlangʻich sinflar uchun oʻqish fanining ayrim darslari kutubxonada oʻtiladi. Maktab kutubxonasi kitoblar, gazeta va jurnallar bilan davlat budjeti bilan qoplanadi. Lekin bizning yoshlarimiz gazeta, jurnal nima ekanligini bilmasdan oʻsayotgan avlodlar safiga kirib qolyapdi. Yapon maktablarida oʻquvchi jazolanmaydi. Bolada biror muammo paydo boʻlsa, psixolog va sinf rahbari tomonidan oʻrganilib, holat boʻyicha tushuntirish ishlari olib boriladi. Oʻquvchilar umuman dars qoldirmaydi. Mabodo kasal boʻlib maktabga kelolmasa, oʻqituvchi uning uyiga borib topshiriqlar beradi va oʻquvchi ota-onasi yordamida mavzuni mustaqil oʻzlashtiradi.
Taʼlimda bolaning tarbiyasiga juda muhim deb qaraladi. Tarbiyaga bogʻchadanoq katta eʼtibor qaratiladi. Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, kattaga hurmat, tozalik, ozodalik, oʻz-oʻziga xizmat, birovdan yordam kutmaslik, oʻziga ishonch va hokazo kabilarni qonunday qabul qilib, unga hamma birdek amal qiladi. Bolaning erkinligi yapon pedagoglari uchun juda muhim sanalib, oʻquvchining darsda oʻziga qulay tarzda oʻtirishiga imkon beriladi. Bizda qulay oʻtirib olish ehtimol Qashqadaryoda bolalarning polda dars oʻtganligi bilan tenglashar ekanmikan?
Xullas, Yaponiyada sanab chiqsak havas qiladigan, ehtimol bizga orzuligicha qolib ketadigan tizim judayam yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Shuning uchun ham yoshlarimiz oliy taʼlimni chet elda davom ettiraman degan xayolatda yashayapdimi? Koʻpgina davlatlarda shunday islohatlar amalga oshilayotgan zamonda bizda esa maktablarimizda hali ham baʼzi oʻqituvchilar tomonidan «Hech kimga bildirmasdan ikkita-ikkita joʻnab qolinglar. Dars tugadi» degan gapi aytilmayotganiga kim kafolat bera oladi?
Gapirsak gap koʻp, muammo koʻp. Lekin shu narsani aniq ayta olamanki, maktab taʼlimini yaxshi yoʻlga qoʻymasdan turib, yetuk kadrlarni shakllanishidan, katta lavozimlarda oʻtirgan «koppupsiyachilar» bartaraf etilishidan umid ham qila olmaymiz.
Muallif: Laylo Esanmurodova