Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent tibbiyot Akademiyasida o‘qishni ko‘chirish qay tartibda amalga oshirilishi yuzasidan audio xabar tarqalgan edi. Unda taʼkidlanishicha, o‘zining, turmush o‘rtog‘ining, ota-onasining doimiy ish joyi yoki yashash joyi Toshkent shahrida bo‘lganlarning masalasi alohida ko‘riladi. Aynan mana shu kategoriyaga kirganlarning hammasi oddiy kontrakt miqdoridagi 9 millon 200 ming so‘m bilan o‘qishini ko‘chira olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, viloyatlardan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlarning barchasi super kontrakt miqdorida to‘lov qilishlari shart deb aytilgan.
Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
«2021/2022 -o‘quv yiling O‘zbekiston Respublikasining Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parameterlari to‘g‘risida«gi 5157 sonli qarori eʼlon qilingan edi.
Mazkur qarorda ushbu holat bo‘yicha quyidagicha izoh berilgan:
Talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy taʼlim muassasasiga ko‘chirishda:
• o‘qishni mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirishga uzrli sabablar mavjud bo‘lganda ruxsat etiladi. Bunda, o‘qishni ko‘chirish so‘ralayotgan hududda mos va turdosh taʼlim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda, o‘qishni mazkur hududdagi oliy taʼlim muassasasining boshqa taʼlim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat etiladi;
• talabaning respublika bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishi, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasining mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi boshqa hududga o‘zgartirilishi, nikoh tuzgandan keyin turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududga ko‘chib o‘tishi uzrli sabablar etib tan olinadi;
• talabalarning o‘qishini uzrli sabablar mavjud bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo‘lmagan taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi (mazkur kichik bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno);
Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi taʼlim muassasalariga tibbiyot fakultetlari faoliyatini samarali tashkil etish, ularni o‘quv-metodik jihatdan taʼminlash va malakali professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirishda ko‘maklashishi haqida taʼkidlanib o‘tilgan qarorda.
Muommo esa insoniy tenglikning yo‘qligi, to‘lov masalasi. Nega aynan Toshkentliklar uchun boshqacha narx-u, viloyatliklar uchun boshqacha? Toshkent alohida Respublikami? Ayrim rahbarlarning oddiy aholi vakillariga har xil muomalada bo‘lishini qanday tushunish mumkin?.. Ushbu holat yuzasidan yana-da aniqroq maʼlumot olish maqsadidaToshkent tibbiyot akademiyasi bilan bog‘lanib ko‘rishga harakat qildik, lekin afsuski qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qolaverdi…
Eng muhimi, bizda fuqorolar tengligi masalasi yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi haqida baralla aytib turgan paytimiz ko‘pgina rahbarlarning oddiy aholi vakillariga har xil muomalada bo‘lishi insoniyat qadr-qimmatini toptalanishidan o‘zga narsa emas!..
Muallif: Laylo Esanmurodova