Monopoliya sabab, qarashlarimni oʻzgartirdim

Bu gaplarim biroz balandparvozroq tuyulishi mumkin. Ammo odamzot oʻz boshiga biror yumush tushmaguncha, muammo bilan oʻz hayotida shaxsan toʻqnash kelmaguncha – xolis xulosa yasay olmas ekan.

…Xullas kalom, uzun gapning qisqasi, uy taʼmirlatmoqchi boʻldim. Choʻzib nima qilaman, bu kabi serzahmat yumushning yugur-yugurlari-yu tashvishlarini – boshidan oʻtkazgan odam yaxshi biladi. Eshik-derazalarni yangilatmoq boʻlib, talay tanlovlar-u «prays-bozlik»lar bilan, yangi derazalar olish uchun «Imzo»ga toʻxtaldik (aslida faqat qaysi joyda nisbatan chegirmasi borligi-yu, qiladigan xushmuomalasini hisobga olmaganda, boshqa tanlovning oʻzi yoʻq Oʻzbekistonda).

Bugun ohanjama qilib, «shou-rum» atalmish «koʻz-koʻz xona»lardan biri, yaʼni poytaxtning Labzak dahasidagi shundoq joyda – choʻntakboproq plastik rom turini tanlab, pulini oldindan, 100 foiz naqd toʻladik hamda vaʼda qilingan «15 ish kuni»ni toqat bilan kuta boshladik.


Bu orada favqulodda sovuq tushib qolgani bois, oʻsha zormanda «15 ish kuni»ning qandoq oʻtganini – oʻzim bildim, uydagi yotib qolib ishlayotgan ustalar bildi. Eski romlar yechib olingan emasmi, toʻrt tomondan bostirib kelayotgan sovuq va izgʻirin bechoralarning boʻlarini boʻldirdi, hammasi «piqillab» shamollab qoldi.

Bu orada anavi – biz bilan «shartnoma» tuzgan (aslida, bu «pixini yorgan»larda hech qanday rasmiy shartnoma boʻlmaydi oʻzi) «ofis»dagilar bilan lof boʻlmasin-ku, kunda 3-4 bor, romlar tayyor boʻlgan-boʻlmaganini surishtirib, gaplashaman, vaziyatni tushuntiraman. Qani endi biror naf boʻlsa, deng. Goh zavod javob bermayapti, deb qutuladi, goh qoʻngʻiroq qilaman, deb, kunlab yoʻqolib ketadi, goh «Oka, natija boʻlishiminam oʻzuza tilpon qilovuz», deya odamning toqatini toq qiladi. Natija – vaʼda qilingan kundan haftalab oʻtib ketsa-da, hanuz oʻsha buyurtma qilganim romlar – hattoki qaysi bosqichda tayyor boʻlgan-boʻlmaganiniyam bilmayman. Buyogʻiga qancha kutishimniyam Xudo biladi. Shoʻrlik ustalarim. Bugunam «Baraka topkur, oʻzi qachon tayyor boʻlarkin, shuni bilmoqchiman», deb soʻrasam, bez boʻlib, «Oka, bugun shanbi, zovud ishlamasakan, sovolizga dushanbi kuni jovob olas!», desa boʻladimi.

Qattiq jahlim chiqdi. Ichimda «Oʻzing aslida bir monopol korxona boʻlsang, oʻzingdan oʻzga raqobatchini – otning kallasidek boj yohud boshqa toʻlovlarni qoʻyib, mamlakat sarhadidan beriga yoʻlatmasang. Shundoq boʻlgach, jilla qursa, qaqshatib pulini olganing – isteʼmolchilarning talabini vaqtida qondirib qoʻy, nomard!», degim keldi. Ammo bu dodimni bagʻri keng «Feysbuk»dan oʻzga qayergayam aytardim…

Gapni choʻzmay, muddaoga oʻtsam. Ochigʻi, shaxsan oʻzim shu paytga qadar – azbaroyi milliy gʻurur, iqtisodiy mustaqillik degan vatanparvar tuygʻular taʼsirida – YevrAzES degan tashkilotga qoʻshilishimizga butkul qarshi edim. Ammo xulosalar, oʻz ichingdan oʻtkazganingda, oʻzgaraverarkan. Endi oʻylab qarasam, oʻsha tashkilotga aʼzo boʻlsak, zora mana bunaqa monopol, butun boshli mamlakat iqtisodiyotini – «katta xolasining chorbogʻiga aylantirgan» korchalonlarga munosib raqobatchi paydo boʻlib, «patagiga qurt tushib qolarmidi!..»

Siz ham, muhtaram FBdosh, «Birgina oʻzginang duch kelgan muammo sabab, bunaqa katta ketma, kalta oʻylama!», deyishga shoshilmang. Odatda barcha katta muammolar – mana shunaqa mayda-chuvda tashvishlardan boshlanarkan. Bunga oʻzim amin boʻldim. Demak, toʻgʻri anglaganingizdek, shu paytgacha yoqlab kelgan qarashimni oʻzgartirdim. Aniqrogʻi, majbur shunga boʻldim!..

Soʻzimning oxirida esa yana bir gap.
E-e, janob «Imzo»ning asl Kattakon egasi! Siz endi bir jaydari gapga ham quloq bering: «Mosh sigʻmagan joyga loviyani tiqmaydilar» – shunchaki sigʻmaydi va yoxud oʻsha joy qonab, chok-chokidan sitilib ketadi…
Bor gap shu. Endi menga ruxsat. Yoʻq-yoʻq, «taksi chaqirmang», oʻzim yetib olaman. Oʻzingizga buyursin…

Facebookdan olindi