Global Firepower Index’ning jahondagi davlatlar armiyalarining 2021 yildagi qudrati reytingida (Military Strength Ranking) O‘zbekiston 140 davlat ichida 51-o‘rinni egalladi.
Reytingda qayd etilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qudratli armiyaga ega. Reytingda Qozog‘iston 61, Turkmaniston 86, Qirg‘iziston 93, Tojikiston 99-o‘rinni egalladi.
Jahondagi eng qudratli armiga ega davlatlar uchligidan esa AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rin olgan.
Global Firepower Index portalining bildirishicha, davlatlar reytingi harbiylar soni, texnik jihozlanish, moliyalashtirilish kabi 50 ga yaqin omillardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
O‘zbekistonning yillik harbiy byudjeti 70 million dollarni tashkil qiladi. Bundan besh yil avval – 2016 yilda O‘zbekiston Global Firepower Index reytingida 126 davlat o‘rtasida 54-o‘rinda bo‘lgan. 2017 yilda 48-o‘rinni, 2018 yilda 39-o‘rinni egallagan bo‘lsa 2019 yilga kelib yana ro‘yhatdan pastlay boshlagan. Shu yili 48-o‘rinni egallagan armiyamiz o‘tgan yilga kelib yana 52-o‘ringa tushib qolgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatishga yaroqli kadrlarning umumiy soni 13,3 million kishini tashkil etadi. Har yili harbiy xizmatga chaqiriluvchilar safiga 601 ming kishi qo‘shiladi. Ayni paytda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida 50 ming kishi xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarida jami samolyotlar soni 185 tani tashkil etadi. Ulardan 66 tasi qiruvchi samolyotlar, 20 tasi havodan zarba beruvchi samolyotlar, 18 tasi harbiy transport samolyotlari, 2 tasi o‘quv samolyotlari, shuningdek, 79 ta vertolyotlar mavjud.
O‘zbekistonda jami 420 ta tank, 1215 ta bronetransportyor, piyoda askarlarning jangovar mashinalari va boshqalar, 137 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va 98 ta ko‘p raketa tizimidan foydalanilmoqda.