Koronavirus paydo bo‘lganidan beri uning bir qancha shtammlarini boshdan o‘tkazdik. Hozirga kelib, dunyo aholisi o‘rtasida vaziyat o‘tgan yilga nisbatan barqarorlashdi. Biroq Rossiya Federatsiyasida bu holat ancha jiddiy. Ya’ni mamlakatda koronavirusning AY.4.2 xavfli formasi aniqlandi. Bizni xavotirga solgani necha minglab o‘zbek mehnat migrantlari kasallik avj olgan pallada ishlayapti.
Bugungi kunda mamlakat to‘liq lokdaunga o‘tishi rejalashtirildi. 27 oktyabrdan 7 noyabrgacha ish kuni emas, deya belgilandi. Ya’ni ishlash man etiladi. Imkoniyati borlarga faqatgina masofadan ishlashga ruhsat beriladi. Ayrim hududlar karantin choralarini 15 oktyabrgacha surish haqida bahslashmoqda.
Albatta, hammasi salomatlik uchun kurash. Biroq, Rossiyada bugungi kunda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan bog‘liq vaziyat qanday?
Bugungi kunda biz bilgan va tanigan mehnat muhojirlari ishlayotgani haqida gap ketganda, hech kim ularga ishlashni man qilgan emas. Qolaversa, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ham kunda Rossiyaga ishlashga borishni istaganlar uchun e’lonlar taqdim etmoqda.
Joriy yilning yoz oylari boshlanishida Rossiya hukumati mehnat muhojirlarini Sputnik –layt vaksinasi bilan emlashga va’da bergan edi. Emlash qabul qilish bir martalik bo‘lib, shu kunning o‘zida emlash qabul qilganlik sertifikati taqdim etiladi. Biroq, vaksina uchun to‘lovni ish beruvchi to‘lashi kerak bo‘ladi.
Butun dunyo bo‘ylab tekinga taqdim etilayotgan vaksina mana shu yerga kelganda pullik bo‘lib qoladimi, nega endi O‘zbekiston SSV vakillari mamlakatimiz uchun ajratilgan vaksinalardan mehnat muhojirlarini emlash uchun ajratmaydi, elchixonalarimiz nima sababdan vaksina urishni talab qilishmayapti? Qolaversa mehnat muhojirligida yurgan aholi ham bizning asosiy daromad manbaimiz-ku.
“Bemalol ishlab yuribmiz. Asosan davlat ishidagilar uchun dam olish kuni taqdim qilindi. Bizga birov kelib ishlama, deb aytgani yo‘q. Emlash haqida ham hech qanday gap eshitmadik. Yon-atrofimizda ham koronavirus bilan og‘rigan yoki vafot etgan o‘zbekistonliklar haqida eshitmadik. Balki muntazam ishlab turganimiz uchun bu kasallik bizni chetlab o‘tayotgandir”, —deydi Rossiyada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan biri.
Suriyadan Mehr operasiyasi orqali olib kelingan yurtdoshlarimiz kabi Rossiyadagi yurtdoshlarimiz ham ko‘rinmas dushman qurshovida qolmoqda. Mamlakatda koronavirus avj olar ekan yurtdoshlarimiz uchun ham havfli davr boshlanadi. Hukumat ularga bor e’tiborni qaratishi, salomatligi uchun harakat qilishi lozim. Ular kimga borib uchrashlari kerak, nima qilishlari kerak hech kim bilmaydi. Hech kim ularga bu borada tushuntirish bermagan. Nahotki, ular o‘z taqdiri uchun o‘zlari kurashishari kerak?
“Yaqinda uyga qaytish uchun bilet oldim. Bilet narhiga 2500 rubl qo‘shib hisoblashdi. Koronavirusga test uchun ekan. Bilmadim bu test javobi bilan O‘zbekistonga kira olamanmi yoki o‘zimizda ham test topshiramanmi?”, — deydi ikkinchi suhbatdoshimiz.
O‘zbekistondagidan ikki barobar qimmatga test topshirgan yurtdoshimiz yana katta pulga test topshirishdan xavotirda. Aeroportda bu kabi testlar inobatga olinmayotgani haqida ham gaplar bor. Qolaversa 130 000 so‘m to‘lov qilganlar pulni olib, hech qanday test natijasi taqdim etmaganlarini, pulni olgach hammada ijobiy natija ko‘rsatdi degan vaj bilan o‘tkazib yuborayotgani haqida yozishmoqda.