Inson zoti borki, bir kulbai obod istab, unga ega boʻlib yashashni xohlaydi. Oʻtmishda kishilar oʻtroq yoxud muqim yashashidan farqsiz bir manzilni obod qilib yashagan va oʻsha yerni vatan tutgan.
Bugungi kunda esa, uy-joy masalasini bu qadar oson yechim topadigan ish deb boʻlmaydi. Ayniqsa, tizimda byurokratik toʻsiqlar koʻp boʻlsa. Shu kabi muammo Qarshi tumanidagi 72 oilani qiynamoqda.
Bizga maʼlum boʻlishicha bank, quruvchi tashkilot barcha rasmiyatchiliklarni yakunlab, tegishli xujjatlarni Qarshi tumani hokimligiga yetkazib bergan va bunga ham bir yilcha vaqt boʻlgan. Ammo, hozircha Qarshi tumani hokimligi hech qanaqa javob qaytarmagan. Va albatta tegishli qaror chiqarilmagan.
«Boshlangʻich toʻlov 16 mln edi. Yigirma million toʻlaganman. Kadastr qilishni soʻrab aprel oyida bordim, mayda keling deyishdi. Sentyabrda borsam oʻzimiz chaqiramiz deb aytishmoqda. Nima deb murojaat qilsak «otangga bor, onagga bor» deb sarson qilishmoqda. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz. Hozirgi vaqtgacha uyning 70 mln pulini toʻlab boʻldim. Qoʻshnilarimning ham deyarli hammasi toʻlovlarni amalga oshirib boʻlgan. Lekin hanuzgacha hokimiyatdagilar bizga hujjat qilib bermayapti», deydi uy olgan fuqarolardan biri.
Biz ushbu muammodan jabr chekib, sarson boʻlayotganlar bilan ham gaplashishga urindik. Ayrimlarining raqamlari oʻzgarib ketgan, ishlamaydi. Raqami aniq aholining ham hammasi oʻz dardini aytishga usta emas. Nimadandir choʻchishadi. Muammoyingiz bor ekan desangiz «yoʻq, hammasi joyida mana yaqinda hujjat qilib berarkan» yoki «bizga hujjat qilib berishdi. Hamma sharoitlarni qilib berishgan», deya yozgʻirishadi.
Ayrim aholi nega siz Toshkentda turib bizni muammoni koʻtaryapsiz, sizga kim bu holatni aytdi, deya soʻz qotishdi.
Ochiqlik, oshkoralik zamonida ham odamlarimiz dardini ochiq aytishga qoʻrqadi. Ertaga hokimiyatdan kelib ularga yomon muomala qilishini oʻylab choʻchishadi. Ahir «Xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun ishlaydi», deya prezidentimiz bot-bot takrorlamoqda. Islohotlardan, yangi davr boshlanganidan nahotki ushbu aholi xabardor emas?!
Vaziyatga noxolislik qilmaslik uchun ham Qarshi tuman hokimi oʻrinbosari va bosh mutaxassisi bilan bogʻlanmoqchi boʻlganimizda, har ikki urinishimiz besamar ketdi, xolos.
Odamlardan-ku, qoʻrquvni yulib olish muammo boʻlishi tayin. erkin nafas olishiga ishona olmas ekan, qoʻrquv qolaveradi. Demakki, barcha gap masʼullarimizda. «Masʼullarimiz» deyilayotgan kishilar qachondir masʼuliyatni his etishadimi oʻzi? Qachondir his etishganmi? Kimdir masʼullar uchun masʼulmi? Ochiq savollarimiz yetarlicha. Javoblarni esa, vaqt beradi.