Fotohisobot uchun qilinayotgan ishlar yakuni bormi?

Andijon viloyati Boʻston tumani hokimligi tashabbusi bilan «Chicken house» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 12 ming bosh joʻja aholi vakillariga bepul tarqatilgan. Joʻjalar tumandagi ogʻir hududga kiruvchi 14 ta mahalladagi 200 dan ortiq oilaga bepul berilgan. Bu haqda UzA maʼlum qildi.

Chekka hududlarda istiqomat qilayotgan, kam taʼminlangan aholi vakillari uchun birgina koʻrsatilgan eʼtiborning oʻzidan ham boshi koʻkka yetishi, shubhasiz. Biroq qachongacha aholi vakillariga bunaqa yolgʻon iltifot koʻrsatish davom etaveradi?
Axir oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan berilgan joʻjalar, hattoki tovuqlar ham oʻlib qolmoqda . Misol uchun, Samarqand viloyatining Urgut tumanida, shuningdek, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida ushbu holat kuzatilgan. Kim bilsin, yana qaysi hududlarda bu holat takrorlanayotgan boʻlsa. «Har holda qoʻldan berganga qush toʻymas» degan naql ham bejiz aytilmagan boʻlsa kerak.

Odamlarga 4-5 ta joʻja berib qoʻyib, birdan ommaviy axborot vositalarida yoritib fotohisobot uchun qilingan ishlarni kimga ham keragi bor? Tovuq berishning oʻrniga ish oʻrni yaratsin, odamlarni kasb bilan band qilsin. Nega mana shunday vaziyatlarda Monomarkazlar sukut saqlab qoladi? Ehtimol qayta tayyorlov va kasbga oʻqitish kurslarini targʻib qilganida kutilgan natijaga allaqachon erishib boʻlinarmidi?

Qachonki olib borilayotgan ishlardan natija boʻlsagina, xalqimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi, doimiy daromadini yaxshilashi, oilaviy tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishi uchun xizmat qiladi.

Laylo Esanmurodova