Sogʻlom turmush tarzi platformasi uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yurak qon-tomir kasalliklari oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida kardiologiya xizmati boʻyicha qator yangilanishlar boʻlishi eʼlon qilindi.

Kardiologiya markazi faoliyati ham butunlay oʻzgarishi kerak, — dedi davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida.

Bunda:

  • kardiologiya markazida 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyot yoʻlga qoʻyiladi;
  • Kardiologiya markazi Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir kasalliklari jarrohlik markazi va Germaniyaning Sharite universiteti kabi nufuzli tibbiyot tashkilotlarida yiliga 30 tadan shifokor malakasini oshirishni taʼminlaydi. Ushbu xarajatlar byudjetdan qoplab beriladi;
  • markazga preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika kabi yoʻnalishlarda yangi ilmiy-tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.
  • markaz klinikasi faoliyati koʻp tarmoqli shaklga oʻtkaziladi.

Shuningdek, prezident yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda eng muhim omil sogʻlom turmush tarziga amal qilish ekaniga alohida eʼtibor qaratdi.

Sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda har yili eng namunali mahallalar tanlab olinib, ularda zamonaviy fitnes koʻchalarini barpo etish uchun 100 milliard soʻm ajratiladi.

Viloyat hokimlariga ikkitadan, tuman va shahar hokimlariga bittadan namunali mahallada shunday ishlarni tashkil qilish topshirildi.

«Sogʻlom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga yetdi, ularga piyoda yurgani uchun 18 milliard soʻm toʻlab berildi. Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytarish va platformadan foydalanuvchilar koʻlamini yanada kengaytirishga qoʻshimcha 60 milliard soʻm ajratishga koʻrsatma berilgan.

1hls.uz ilovasida piyoda yurilganini aniqlovchi mexanizm koʻrib chiqiladi

Qarorga koʻra, «Sogʻlom turmush tarzi» platformasi 2022-yil 1-yanvargacha takomillashtiriladi. Unda masofa piyoda bosib oʻtilganini tasdiqlovchi mexanizmlar qayta koʻrib chiqiladi.

Oldinroq, 1hls.uz ilovasidan pul ishlash uchun telefonini ventilyatorga bogʻlab qoʻyib, qadamlarni orttirib koʻrsatish holatlari aniqlanayotgani maʼlum qilingandi.