Bizga Quva tumani Baynalminal MFY profilaktika inspektori leytenant Nishonov Nozimjon Navroʻzjon oʻgʻli tomonidan Quva tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari mayor Ahmadjonovning profilaktika inspektorlariga nisbatan noqonuniy hatti -harakatlari yuzasidan videomurojat kelib tushdi.
Unda aytilishicha, mayor Ahmadjonov shaxsiy manfaatlari yoʻlida profilaktika inspektorlari uchun kunlik 55 ming soʻmlik «soliq» joriy qilgan. Shuningdek, yuz bosh qoramol uchun qurayotgan molxonasiga kerakli qurilish materiallarini profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklagan.
Leytenant Nishonovning aytishicha, mayor Ahmadjonov har kuni profilaktika inspektorlariga bittadan mashinani jarima maydoniga, beshtadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzishni majburiy reja qilib bergan (buni isbotlovchi audio dalil mavjud). Bu rejani bajara olmagan profilaktika inspektorlari yarim kechasigacha ushlab turilgan.
Mayor Ahmadjonovning bu noqonuniy hatti — harakatlariga, xodimlarni doimiy haqorat qilishlariga na Quva tuman IIB boshligʻi, na Quva tuman IIB boshligʻi birinchi oʻrinbosari podpolkovnik Farhod Ismoilov biror chora koʻrishmagan.
Shuningdek, Quva tuman IIB da noqonuniy ravishda ichki tekshiruv va tadbirlar oʻtkazib kelingan.
Mayor Ahmadjonov bir safar tuman hokimi oʻrinbosari agronom Matmusayev Abrorjonni kaltaklab ham hech qanday jazosiz qolgan.
Bu voqea tarmoqlarda shov-shuvga sabab boʻlgan boʻlsa-da, jazosiz qolgan mayor Ahmadjonov profilaktika inspektorlariga oʻziga hech kim hech qanday chora koʻra olmasligi haqida gapirgan.
Shaxsiy tarkib xodimlari bir necha marta mayor Ahmadjonovning noqonuniy harakatlari yuzasidan tuman IIB raxbariyatiga, viloyat IIB raxbariyatiga anonim tarzda murojat qilishlari javobsiz qoldirilgan.
Leytenant Nishonov video murojat soʻnggida mayor Ahmadjonovning harakatlariga Ichki Ishlar Vaziri P.Bobojonov chora koʻrishini soʻrab, soʻzlarining isboti sifatida qoʻlida audio yozuv borligini taʼkidlab oʻtgan.
Umid qilamizki, muammoni olib chiqqan bilan emas, muammo bilan shugʻullaniladi, bu holatga IIV jiddiy eʼtibor qaratib, agar murojatda aytib oʻtilgan vajlar oʻz tasdigʻini topsa mayor Ahmadjonovga tegishli chora koʻriladi.