Oʻzbekistonda dollar kursi 2022 yilda yana koʻtarilishi mumkin

Oʻzbekistonning “2022 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi va 2022 yil uchun byudjetnoma boʻyicha Hisob palatasining xulosasi eʼlon qilindi.

Maʼlum qilinishicha, qonun loyihasi va 2022 yil uchun byudjetnoma mamlakatni kelgusi davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan va soʻnggi besh yilda amalga oshirilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirishga qaratilgan.

Jumladan, 2022 yil uchun davlat byudjeti loyihasini shakllantirish jarayonida byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻlar miqdori va maqsadli indikatorlar belgilangan. Bunda, davlat byudjeti hisobidan rivojlantirish dasturlari mavjud boʻlmagan ayrim vazirlik va idoralarning maqsadli indikatorlari ularning strategik maqsadlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.

2022 yil uchun davlat byudjeti daromadlari davlat soliq idoralari boʻyicha 145,7 trillion soʻmni (YAIMga nisbatan 17,3 foiz), davlat bojxona idoralari boʻyicha 39,8 trillion soʻmni (4,8 foiz) va Moliya vazirligi tushumlari boʻyicha 7,5 trillion soʻmni (0,9 foiz) tashkil qilmoqda. 2022 yil uchun davlat byudjeti daromadlarini prognozi byudjet daromadlariga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi narx va valyuta kurslarining oʻrtacha miqdorlari asosida hisob-kitob qilingan.

Jumladan, prognozlarda valyuta kursidagi (1 AQSH dollarining oʻrtacha yillik summasi – 11 321 soʻm), strategik mahsulotlarning narxlari (1 troya unsiya oltin narxi — 1 700 dollar, kumushning narxi — 25 dollar, misning 1 tonnasiga — 8 500 dollar, 1000 metr kub tabiiy gazning eksport narxi – 100 dollar) kutilayotgan oʻzgarishlar inobatga olingan.