Andijon shahar hokimi fuqaroni haqorat qilganligi oʻz tasdigʻini topdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon shahar hokimiga tegishli audioyozuv tarqaldi” sarlavhasi ostida tarqalgandi. ushbu audioyozuv yuzasidan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot taqdim qildi.

Joriy yilning 11 noyabr kuni Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarovga tegishli ekanligi aytilayotgan audioyozuvda Andijon shahar hokimi va oʻzini Omadjon deya tanishtirgan fuqaro oʻrtasida oʻzaro tortishuv yuzaga kelganligi va shahar hokimi deya aytilayotgan ikkinchi fuqaro Omadjon ismli shaxsga nisbatan uni hadeb bezovta qilmasligini aytib haqoratli soʻzlar ishlatilganligi, fuqaro tomonidan esa ijara haqqi va uyini tiklab berishini taʼkidlagan suhbati tarqalgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib holat yuzasidan dastlabki oʻrganish ishlari amalga oshirildi. Oʻrganish ishlari davomida tarqalgan audioyozuv haqiqatdan ham Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovga tegishli ekanligi oʻz tasdigʻini topdi.

Shuningdek, fuqaro tomonidan aytilayotgan ijara haqqi va uyini tiklash toʻgʻrisidagi holat yuzasidan oʻrganishlar davomida fuqaro O.N istiqomat qiladigan A. Navoiy shox koʻchasi 57-sonli ikki qavatli uyi snosga tushganligi, hozirgi kunda “Sulton xaus” MCHJ qurilish firmasi tomonidan shu joyga koʻp qavatli uy-joy majmuasini qurilish ishlari olib borilayotganligi sababli, fuqaro O.N ijaraga chiqarilib, unga ijara pullari doimiy ravishda toʻlab kelinmoqda.

Bundan tashqari, fuqaro O.N Andijon shahar hokimiga doimiy ravishda (kunu-tun) 10-15 marotabadan telefon qoʻngʻiroqlarini amalga oshirib, 2-xonali 52 kv.metrdan iborat boʻlgan xona joyiga “Sulton xaus” MCHJdan shahar markazidan 400 kv.metrdan iborat boʻlgan uy-joy va Jentra avtomobili undirib berishligini aytib, shahar hokimini doimiy obroʻsizlantirib kelgan.

Vaholanki ushbu fuqaro O.Nning ushbu xonadonga nisbatan uy-joyga boʻlgan egalik huquqi mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Aslida esa uy-joy onasining nomida ekanligi va “Sulton xaus” MCHJ qurilish firmasi hamda fuqaro O.Nning onasi oʻrtasida oʻzaro kelishgan holda yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon ajratib berish haqida kelishuvga erishilgan.

Bugungi kun holatiga fuqaro O.Nning onasi (uyning asl egasi)ga ijara uchun toʻlanishi lozim boʻlgan pullar toʻlaligicha toʻlab berilgan.

Bundan tashqari Andijon shahar hokimining fuqaro bilan muloqoti davomida ishlatgan haqoratli soʻzlari uchun Andijon viloyati hokimligi tomonidan alohida huquqiy baho berilishini maʼlum qilamiz, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Andijon shahar hokimi fuqaroni kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqorat qilgani haqida maʼlum qilgan edik.