Oʻzbekning terisi shuncha ham qalinmi? Shilganlari bilan tamom boʻlmaydimi?



Moskvada ishlayotgan oʻgʻlim Misrga aviachipta olibdi. Borish-kelishi bilan 9969 rublga (130 dollar).
– Dada, siz ham samolyotga chipta oling, Misrda koʻrishamiz, – dedi oʻgʻlim.
Men ham Toshkentdan Qohiraga uchadigan samolyotlarga borish-kelishi bilan chipta qidirdim va … topdim.
Narxini qarang – 115.150 rubl (1526 dollar).
– Oʻgʻlim, meni kechir, men hali Oʻzbekistondan Misrga borolmas ekanman, – dedim.


Keyin xafa boʻlib, oʻylanib qoldim.
Nega bunaqa? Oʻgʻlim 60 dollarga aviachipta olib, Moskvadan Istambulga borib kelibdi . Bizda bir tarafga 600 dollar!
Mana, Misrga 130 dollar bilan borib keladi, biz 1526 dollar berishimiz kerak?
Nega? Biz Rossiya xalqidan 12 baravar boymizmi?


Nimaga bunaqa?
Yoki Oʻzbekiston samolyotlari qimmat benzinda uchib, Rossiya samolyotlari metan gazda uchadimi?
Oʻzbekning terisini shilib olayotganlar, qachon terimiz tugab bitishini koʻrishmoqchimi?
Keyin suyaklarimizni qirib olishni boshlaydilarmi?


Soʻzimning isboti uchun Rossiyadagi aviachiptalar narxi va Oʻzbekiston havo yoʻllari narxi koʻrsatilgan suratlarni ilova qilaman, ular TourDom.ru va https://travel.yandex.ru/ saytlaridan oldindi.

Karimberdi Toʻramurod, jurnalist, yozuvchi