Avvalroq mushtlashuv oqibatida Turin politexnika universiteti talabasi vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur fojiali mushtlashuv tafsilotlari maʼlum qilindi.
«Joriy yilning 25 noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda Turin politexnika universiteti hovlisida 1-bosqich talabalari S. va M. uchrashib, masalalarini hal qilishgan. Suhbatdan so‘ng ular o‘zaro bir to‘xtamga kelishgan. Keyinroq, ularning shu kursda o‘qiydigan talaba S. kelib ularni yarashib olganliklarini so‘ragan. Ammo, jabrlanuvchi Sh. aralashmang deb, unga qarshi chiqqan. Shu payt Samandarning do‘sti A. kelib Sh.ning yuziga musht urib, yerga yiqitgan. Natijada, Sh. voqea joyida vafot etgan«, — deyiladi huquq-tartibot idorasi xabarida.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Sh.ning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miyaga qon quyilishi va miya to‘qimalarining shikastlanishi sabab bo‘lgan.
«Biz Turin politexnika universitetiga bordik. U yerdagi yigitlar janjallashishayotgandi. Men ularning oldiga bordim va o‘sha paytda men tanimagan bir yigit baqirib, meni qattiq haqorat qildi. Keyin, uning yuziga mushtim bilan urdim. Mening zarbamdan odam o‘lishini tasavvur ham qilolmagandim. Tengdoshlarimga aytmoqchiman, xatolarimni hech qachon takrorlamang. Qilgan jinoyatim uchun 8-10 yilga qamalishim mumkin. Marhum o‘quvchining ota-onasidan meni kechirishlarini so‘rayman, qilgan ishimdan juda afsusdaman», — dedi A.
Holat yuzasidan A.ga nisbatan Jinoyat Kodeksinining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (badanga qasddan og‘ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.