“Uchinchi renessans” deganlari shumi?

Qorongʻuda paypaslanib topgan piyolangni toʻnkarasanda, sovuqda uvishib qolgan qoʻllaring bilan sham yoqasan. Sovuq, bu ham yetmaganday chiroq ham oʻchdi. Bolalaring dars qilishi kerak, boʻlmasa butun umr shu zimistonda qolib ketadi.

Tashqarida esa uchinchi renessans.

Hovliga chiqib, mevali daraxtlarni bir-bir koʻzdan kechirasan, ehtiyoj boʻlsa oʻtin qilish uchun. Hali sovuq kunlar oldinda, gaz yoʻq. Sotib olay desang,koʻmir qimmat, oʻtin ikki karra. Mevali daraxtga achinasan-u, oʻzingni ovutasan, bahorda meva yeyish uchun ham qishdan omon chiqmoq kerak, avvalo!

Tashqarida esa uchinchi renessans.

Biror joyga arz qilay, muommoni hal qilsin, bizning ham odamga oʻxshab yashashga haqqimiz bor deysan. Lekin… lekin yana mum tishlaysan…

Chunki tashqarida uchinchi renessans.
Ana,chiroq yondi, oʻzi shunday, har doim shu paytda yonadi. Televizorni qoʻshasan.Buyuk kelajak haqidagi rejalar, joʻshib aytilayotgan nutqlar, davomiy qarsaklar. Sen esa chakki oʻtib, dogʻ boʻlib qolgan devorga qarab, oʻy surasan. Buyuk kelajak nima oʻzi? Heh, kelajak – bahorgacha tirik yetib olmoq degani!

Tashqarida esa uchinchi renessans

Qahraton eshik qoqishi bilan, butkul izdan chiqqan energetika tizimi oqibatida tag‘in yani bir zarba.Energetika resurslariga boy bo‘la turib , insonning issiqlik va yorug‘likka ehtiyojidek birlamchi manfaatlari qondirilmagan mamlakatda iqtisodiy taraqqiyot, buyuk kelajak haqida gapirishyapti.

Qiziq, uchinchi renessans deganlari shumikan?

Resurslar uchun kurash doim boʻlgam.Bugun biz xomashyo sifatida sotgan gaz, neft, elektrdan unumli foydalanib, baʼzi davlatlarning tobora qudrati oshib borayapti. Keyinchalik ular siyosiy-harbiy kuchini bizga qanday ishlatishi haqida oʻylashning oʻzi yoq, azoyi badaningni qaqshatib yuboradi. Qoʻlingdan kelgani esa, sovuq uyda, sham yorugʻida oʻtirgancha asta pichirlash: Yurtimiz tinch boʻlsin!

Tashqarida esa uchinchi renessans.

Shahruza Sattorova