Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi faoliyatini tashkil etish masalalariga toʻxtalib, 1 yanvardan barcha mahallalarda hokim yordamchilari oʻz faoliyatini boshlagan edi.
Ularning oylik-maoshlari
xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada – 4 mln 932 ming soʻm;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada – 5 mln 343 ming soʻm;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada – 5 mln 754 ming soʻm.
Hokim yordamchilariga toʻlanadigan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridan kam boʻlgan taqdirda yetishmagan qismi Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensasiya qilib boriladi.
Ularning ishini samarali tashkil etish maqsadida:
– bir yil davomida doimiy faoliyat yuritadigan «Mahallabay ishlash shtabi» tuziladi;
– har bir tuman va shaharga vazirlik, markaziy idoralar va banklardan 1-3 nafardan masʼul xodim biriktiriladi. Ular 1 yilga tumanga xizmat safariga yuboriladi va ish joyi, oylik ish haqi saqlab qolinadi.
– oʻzini yaxshi koʻrsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari mukofotlanadi, yil natijalari boʻyicha esa «Yangi Oʻzbekiston islohotchisi» koʻkrak nishoniga tavsiya qilinadi;
– ularga ipoteka asosida kvartira olishda 50 foizgacha subsidiya ajratiladi;
– Bosh vazir qabulxonalari va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi negizida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda tuman (shahar)larda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab oliy maʼlumotga ega boʻlmagan hokim yordamchilarini davlat oliy taʼlim muassasalarining iqtisodiy taʼlim yoʻnalishlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga koʻra davlat granti asosida sirtqi taʼlim shakliga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish amaliyoti joriy etildi.