Jamiyatimizda ijtimoiy-kommunal masalalar doim muhokamalar markazida bo‘lgan mavzulardan. Navbatdagi murojaat Jizzaxlik yurtdoshimiz tomonidan yo‘llangan. Muallifi Ogoh.uz axborot portaliga muammosiga yechim izlashda yordam berishni so‘ragan.
Ta’kidlanishicha, qariyb 3 yildan buyon o‘zlari yashab turgan uyga egalar ko‘paymoqda. O‘zi sotib olgan uyni uning nomiga o‘tkazib bermasdan, yana pul to‘lov qilsagina nomiga o‘tkazib berishini so‘ragan. Murojaatchi esa ushbu va’dalarga ishonmasligin, puliga kuyib qolishidan hadiksirayotganini bayon qildi.
Ushbu xonadonga fuqaro Shomirzayev Rasul nomiga tuman hokimining 28.09.1993 yildagi 2992 sonli davlat orderi berilgan. Farhod Qosimovga qadar ham ushbu turar joyda bir necha oila istiqomat qilib kelgan. Xonadonda yashab kelgan barcha oilalar o‘zidan keyingi oilaga orderni topshirib ketgan, biroq fuqaro Mamatmusayev Kamol uyni sotgandan keyin oluvchi Farhod Qosimovga orderni berishdan bosh tortib, turli bahonalar qilgan.
Xonadon bir necha fuqaro orasida og‘zaki kelishuv asosida sotib kelinib, bugunga qadar qonuniy hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Bundan foydalangan Rasul Shomirzayev 2021 yilning 2 avgust sanasida kadastr hujjatim rasmiylashtirib, uy-joyga da’vogar bo‘lib murojaatchimizdan qo‘shimcha pul talab qilgan.
Fuqaro Farhod Qosimov 30 mln so‘mga uyni K. Mamatmusayevdan sotib olganligini, boshqa to‘lov qilmasligini aytganida, R. Shomirzayev qo‘lidagi legiallashtirib olingan hujjatni ro‘kach qilib, ushbu uydan majburiy chiqish haqidagi da’vo arizasini Jizzax tumanlararo sudiga topshirgan. Sudning 11.11.2021 yildagi hal qiluv qaroriga muvofiq uning talabi qanoatlantirilgan.
«Ichki ishlar, korrupsiya, SNB, hatto Prezidentgacha chiqdim, hammasi bir xil javob bergan: bu yerda noqonuniy ish yo‘q!
Lekin bu yerda haqiqatda noqonuniy ish bo‘lyapti, menga uyini sotgan odam davlat orderini yana 50 mln bersang, o‘tkazib beraman deb firibgarlik yo‘li bilan pullarimni olmoqchi. Iltimos, yordam beringlar, meni hech kim eshitmayapti»,—deydi murojaatchi.
Suhbatimiz yakunida jizzaxlik Farhod Qosimov o‘zi kambag‘al oila ekanligini, 18 yil befarzandlikdan so‘ng vasiylikka qiz farzand asrab olgani, uyni ham shu qiziga qoldirmoqchi ekanini ma’lum qildi.
Fuqaro Farhod Qosimov mazkur muammoni yoritishda va yechishda bizdan ko‘mak so‘rab, murojaat yo‘lladi. Masalani boricha yoritib, tegishli organlarga yuboramiz. Hech bir murojaat etiborsiz qolmaydi, albatta.