Qirg‘izistonda Bobur nomidagi O‘sh akademik musiqali drama teatrining to‘liq rekonstruksiyasiga O‘zbekistondan 5 milliondollar ajratdi. Ta’mirlar ishlari 13 sentyabr kuni boshlangan.
Avvalo, Qirg‘izistondagi bir binoni qayta qurish uchun shunchalik jon kuydirishga sabab nima? «O‘zimizdan ochdan o‘lyapmiz-u kiyikka balo bormi,» — deydi «Zumrad va Qimmat» multfilmida. Mamlakatimizda ishsizlik darajasi kundan kunga avj olayotgan pallada, bozorlardagi narxning ortishi oqibatlari fonida bu kabi xabarlar xalq yuragiga zarba o‘laroq xizmat qiladi. Ushbu harakatlar nima uchun kerak? Oroldagi muammoni hal qilish uchun chet eldan qarz olamiz, kambag‘allikni qisqartirish uchun yana qarz olamiz, ammo…
To‘g‘ri, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashimiz zarur, biroq Qirg‘iziston bizdan ko‘ra boyroq yashayapti. Ularda demokratiya bizdan ko‘ra ancha jadalroq. Bugun mehnat muhojirlarimiz Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarda muhojirotda ishlayotgani singari Qirg‘izistonga ham borib ishlayapti. Mana shu ajratilgan mablag‘ evaziga biz o‘zimizdagi ishsizlikni bartaraf etsak bo‘lmaydimi yoki bu ham kelajakdagi rejalarga kiritilgan xolosmi?
Jogorku Keneshining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi 6 dekabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Bobur nomidagi O‘zbekiston drama teatri va O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqasi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash to‘g‘risidagi bitim loyihasini ko‘rib chiqdi.
Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirining o‘rinbosari Saltanat Amanovaning aytishicha, ushbu teatr eng qadimiylaridan biri – 1914 yilda qurilgan. Uni rekonstruksiya qilish to‘g‘risidagi qaror prezidentning O‘zbekistonga amaliy tashrifi chog‘ida qabul qilingan.
«Bugungi kunga kelib, demontaj ishlari yakunlandi va 30 foizi rekonstruksiya qilindi. Faqat ramka qoladi, qolganlari demontaj qilinadi. Barcha ishlar jadval asosida olib borilmoqda. Rekonstruksiya 2022-yil fevral oyida yakunlanadi. «, — dedi u.
Bu kabi ishlardagi katta so‘mmani ko‘rishimiz bilan ko‘nglimizda hadik uyg‘onadigan bo‘lib qolgan. Shartnomada O‘zbekistonning o‘zi subpudratchini tanlashi ko‘rsatilgan. O‘zimizning monopolistlarimiz qayerdan bo‘lmasin pulni yuvish uchun yo‘l izlayotgandek go‘yo. Bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklar mamlakat ichkarisida ham sodir bo‘layotgani ayni xavotirning sabablaridan.
Mayli, hozircha Qirg‘iziston mavzusidan chetlamay turaylik.
Joriy yilning 12 mart kuni Sadir Japarov O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga O‘zbekiston xalqi nomidan Volkswagen Caddy va Isuzu D-Max rusumli 20 ta tez yordam mashinalari sovg‘a qilinganini ma’lum qildi.
Mashinalar tezkorlik bilan yetkazildi. Bu hali bahordagi gap. Hozirgi kunga kelib ham tog‘li hududlarimizda, chekka qishloqlarda og‘ir ahvoldagi bemorlar ham Damasda tashiladi, Damas bormagan hududlar ham ro‘yhatimizda yo‘q emas. Bizga esa xalqaro hamjamiyat oldida ko‘rgazma kerak…
Bundan tashqari O‘zbekiston Qirg‘iziston tomoniga katta miqdorda elektr energiyasi yetkazib beradi.
Energetika vaziri esa buni, “Kuz-qish mavsumida, Qirg‘izistonda energiyaga bo‘lgan talab ortgan davrda agar ular elektr energiyasini ko‘proq ishlab chiqarib “Toqtogul” suv omboridan suvni ko‘proq chiqarib yuborishsa, keyingi yil bahor-yoz oylarida mana shu suv hajmini to‘ldirishga majbur bo‘lishadi va yozda suv chiqarish miqdorini keskin kamaytirishga majbur bo‘lishadi”,— deya izohlagan. Bizgachi, bizga elektr energiyasi kerak emasmi? Birov bizni ham o‘ylaydimi, degimiz keladi. O‘zimiz esa Turkmaniston va Qozog‘iston tomonidan elektr energiyasini sotib olamiz. Qiziq holat a?
Xalq esa mana shu kecha-kunduzda ham sham yorug‘ida, pechkadan chiqqan tezakning tutuniga hamohang bo‘lib “HAMMASI INSON QADRI UCHUN” degan tamoyilning amalda o‘z isbotini topadigan kunlarni kutmoqda.
Bu vaqtda esa choyxona oldida o‘zini-o‘zi ovutib yurgan Ergash aka SSSR paytida kommunizm kelgan ekan-u, biz bilmay qolgan ekanmiz deya xo‘rsinadi…
Muallif: Toshoyna
Mavzuga oid: