Angela Merkel: Olmonlarning «Temir xonim»i haqida soʻz

  Biz nozik hilqat hisoblaydigan ayollar orasida uncha-muncha kuchli jins vakillarining yelkasi koʻtara olmaydigan zalvorli vazifa – siyosat maydonida zukko oʻyin koʻrsata olganlari oz emas. Buyuuk Britaniyaning sobiq  bosh vazirlari Margaret Tetcher, Tereza Mey, Hindistonning jasur qizi Indira Gandi, fransuz xonimi Kristian Lagard, Qoʻshma Shtatlar davlat kotibi va senatori Hillari Klinton…

   Bu roʻyhatni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Ammo bugun siz bilan chindan jahon iqtisodi va siyosatiga oʻz soʻzini oʻtkaza olgan yana bir shunday «Temir xonim» haqida suhbatlashamiz. Bu, shubhasiz Olmoniyaning bundeskansleri Angela Merkeldir.

   Angela Doroti Merkel 1954 yilda Hamburgda tavallud topgan. Maʼlumoti boʻyicha fizik boʻlgan boʻlajak kansler demokratik Germaniyada ulgʻaydi. Va bu uning butun hayotida chuqur iz qoldirdi. Berlin devorining qulashi chogʻlarida siyosiy faollikka kirishgan Merkel 1990 yilda boʻlib oʻtgan Bundestag (Germaniya Federativ Respublikasining parlamenti)da deputatlik mandatini qoʻlga kiritdi. Shu yerdan boshlab Angela Merkelning siyosiy yulduzlikka tomon dadil qadamlari boshlanadi.

   Dastlab, Helmut Kol (Merkeldan avvalgi bundeskansler)ning kabinetida ishlab, uning yordamchisi darajasigacha koʻtariladi. Kolning oʻz ixtiyoriga koʻra isteʼfosidan soʻng uning vorisi sifatida maydonga Angela Merkel chiqdi. U oʻz davrida erishgan ayrim yutuqlarni sanab oʻtsak:

— Merkel zamonaviy GFRning,,eng davomli» kanslerlaridan biri;

—Germaniya yalpi ichki mahsulotining qariyb 1 trillion dollarga oʻsishi sababchisi. Uning davrida YAIM 2,9 trlndan 3,8 trillion dollargacha oʻsgan;

—2016 yilda migratsiya inqirozini yengadi;

— 2010 yilgi Yevrozona inqirozini yengadi;

— Merkel Yevropa Ittifoqining yagona lideri boʻlib, Berlinni Yevropaning motoriga aylantiradi;

— Ukraina va Rossiya sanksiyalariga qaramay, Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni saqlab qoladi;

—Shimoliy oqim 2 ni AQSH va uning ittifoqchisi hujumlaridan himoya qiladi;

— Uning davrida Germaniya xalqaro huquqni buzgan holda xorijdagi hech qanday intervensiyada ishtirok etmaydi;

—Populizmga murojaat qilmasdan uzoq vaqt hukmronlik qilgan noyob zamonaviy dunyo yetakchilaridan biri ham aynan u.

   Merkeldan jurnalistlar uyida nechta xizmatchi ishlashini soʻrashganida u «ikkita – men va turmush oʻrtogʻim» deya javob bergan edi. Darhaqiqat, butun boshli dunyoning gigantlari bilan hisob-kitob yuritadigan Germaniyaning rahbari doʻkon uchun xaridlarga ham oʻzi boradi, taomlarni ham oʻzi tayyorlaydi, uylarni esa, turmush oʻrtogʻi bilan birga yigʻishtiradi.

  Albatta, ish bor joyda kamchilik, usta bor joyda hasad boʻladi. Angela Merkel faoliyati davomida uni qattiq tanqid qilib kelganlar ham yetarlicha topiladi. Lekin, ularning barchasi ham Merkelni mutlaq noloyiq deya olishmaydi.

   Merkel oʻzining qatʼiy pozitsiyasini saqlab qolish bilan nafaqat Germaniyani, balki Yevropani ham ikki bora qutqara olgan va muammolarni bartaraf eta olgan liderdir. Uning «biz buni qila olamiz» shiori Merkel naqadar jasoratli ekaniga oddiy bir misoldir.

  Kuni kecha «temir xonim» oʻz oʻrnini rasman Olaf Shultsga boʻshatib berdi. Undan «nafaqada nima qilmoqchisiz?» deya soʻrashganida «men endi dam olaman» deya javob bergan edi. Ayrim erkak rahbarlarimiz, nafaqat bizning, butun dunyodagi millionlab rahbariy lavozimdagi kishilar shu ayoldan oʻrnak olsa, albatta, arziydi!

     Kamoliddin Abduaziz oʻgʻli tayyorladi