Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 (5) kun dam oladi. Qavs ichidagi 5 raqami 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlarga tegishli.
Shunday qilib, 5 kunlik ish haftasidagilar 5 kun (31 dekabr, 1-4 yanvar kunlari) dam olsa, bunday baxt olti kunlikdagilar uchun 1 kunga qisqaradi (31 dekabr, 1-3 yanvar kunlari dam). 31 dekabr avvalroq dam olish deb e’lon qilib bo‘lingan.
Lekin haftasiga 6 kun ishlaydigan xodimlar 4 yanvar, seshanba dam olib, 8 yanvar, shanba kuni ishga chiqishiga to‘g‘ri keladi. Chunki bu kun qo‘shimcha emas, balki ko‘chirilgan dam olish kuni bo‘ladi.
Shuningdek, 2022 yilda quyidagi qo‘shimcha va ko‘chirilgan dam olish kunlari belgilangan:
✅ barcha xodimlar uchun 22-23 mart (qo‘shimcha), 4 may (7 maydan ko‘chirilgan), 11 iyul (qo‘shimcha), 2 sentyabr (qo‘shimcha);
✅ olti kunlik xodimlar uchun: 5 may (15 maydan ko‘chirilgan), 12 iyul (16 iyuldan ko‘chirilgan), 3 sentyabr (qo‘shimcha), 31 dekabr (qo‘shimcha).
Boshqa davlatlarda qanday?
Hammaga ma’lum, Rossiyada yangi yil payti 1-10 yanvar kunlari dam olish sifatida qabul qilingan. Shanba va yakshanbani ham qo‘shsak, ruslar yanvarda 16 kun dam oladi.
Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda 3 kun dam e’lon qilingan: 1-3 yanvar. Turkmanistonda esa 1-2 yanvar — dam olish kuni.
Banklar ishlaydimi?
O‘zbekistondagi bank xizmatlari bu 5 kunlik dam olish paytida ishlaydimi, degan savol hozircha ochiq turibdi. Lekin tajribadan kelib chiqsak, bank xizmatlari bu kunlari xizmat doirasidan tashqarida bo‘ladi.
Bank bilan bog‘liq nima ishingiz bo‘lsa, 30 dekabrga qadar bitirib olishni tavsiya qilamiz. Axir bankdagilar ham odam, hali transformasiyaga to‘liq o‘tganimiz yo‘q-ku, to‘g‘rimi?