Qarshidagi zapravkalarda Ai-80 benzinining nomi va narxi bor, ammo o‘zi yo‘q. «O‘zbekneftgaz» mas’ullari esa buni inkor etmoqda
«O‘zbekneftgaz» AJga qarashli AYOQSHlarda 17 dekabrdan e’tiboran Ai-80 markadagi benzin 6890 so‘mdan arzonlashtirilib, har bir litri uchun 6500 so‘mdan sotuvga chiqarilgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotiga ko‘ra, viloyatdagi «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli mavjud to‘rtta zapravkaning uchtasida Ai-80 markadagi benzin narxi va nomi bor, ammo benzinning o‘zi yo‘q.
Qayd etilishicha, Qarshi shahridagi «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli AYOQSHlarda, jumladan, Sharof Gʻaniyev mas’ulligidagi ikki zapravkada Ai-80 benzini 6500 so‘m ekani yozilgan. Biroq zapravkada mazkur markadagi benzinning o‘zi yo‘q. AYOQSHdan 50 metr narida esa aynan shu markadagi benzin «qo‘lda» 7000 so‘mdan sotilmoqda. Ta’kidlanishicha, Shahrisabzdagi AYOQSH ham shu ahvol va ushbu zapravka aksar hollarda yopiq bo‘ladi.
«Bu muammoni siz yoki men hal etolmaymiz. Bu juda katta muammo», — deydi Qarshidagi «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli AYOQSHlarga rahbarlik qilayotgan Sharof Gʻaniyev.
Mazkur muammoni yoritmaslikni maslahat bergan Sharof Gʻaniyevning aytishicha, Ai-80 benzini ularga aynan Toshkent shahridan olib kelinadi. Xalq tilida «Jayhun» nomi bilan mashhur bo‘lgan «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli uchinchi zapravkaga esa yoqilg‘ini «Qarshi neft bazasi» MCHJ yetkazib beradi. Shu boisdanmi bu zapravkada ahyon-ahyonda Ai-80 benzinini 6500 so‘mdan topish mumkin.
Sharof Gʻaniyevning so‘zlariga ko‘ra, Ai-80 benzini ularga yetarli darajada yetkazib berilmayapti. Shu sabab ham uning rahbarligidagi har ikki zapravkada arzon markadagi benzinni topish amrimahol.
Mazkur holatga munosabat bildirgan «O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov nafaqat Qashqadaryodagi, balki barcha viloyatlardagi «O‘zbekneftgaz» AJ zapravkalariga har kuni yetarlicha, talab qilingan miqdordagi Ai-80 markali arzon benzini yetkazib berilmoqda.
«Bu borada bizda muammo yo‘q. ‘O‘zbekneftgaz’ AJga qarashli Qarshi shahridagi uchta, Shahrisabz shahridagi 1 ta zapravkaga 3 mingdan 7 ming litrgacha Ai-80 markali arzon benzin yetkazib berilmoqda. ‘Qarshi neft bazasi’ MCHJga qarashli ‘Jayhun’ zapravkasiga esa bundan ham ko‘p, cheklangan miqdorda Ai-80 markali yoqilg‘i yetkazib berilmoqda», — deydi Siyovush Hoshimov.
«O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Qarshi shahridagi zapravkalarda Ai-80 markali benzin bo‘lmasa-da, narxi 6500 so‘m ekani yozilgan bo‘lishi shart.
«Biz narxni nazorat qilish maqsadida shunday talab qo‘yganmiz. Ya’ni Ai-80 markali benzin hatto tugab qolgan bo‘lsa ham, uning 6500 so‘m ekani, narxning tushgani yozilib turishi kerak. Boisi Ai-80 markali benzin shu narxdan yuqori bo‘lmasligi lozim», — deydi Siyovush Hoshimov.
Ismi sir qolishini istagan yana bir mas’ulning, «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli AYOQSH mas’ullaridan birining aytishicha, Ai-80 benzining narxini arzon qilish bu mahsulotning sun’iy tarzda kamayishiga olib kelgan.
«Narxni majburan arzon qilish bilan ish bitmaydi. Falon so‘mda sotasan deyishsayu, u narx qoplamasa. Ya’ni Toshkentdan shu markali benzinni olib kelish xarajatlari oshib ketsa, qanday qilib arzon narxda sotish mumkin», — deydi bu haqda gapirgan mas’ul.
AJga qarashi zapravkadan 50 metr narida Ai-80 benzinini 7000 so‘mdan istalgancha topib berishini ma’lum qilgan suhbatdoshlar ham tinglangan.
«Tirikchilik, aka, shu benzinga talab bor», — deydi arzon benzinni boshqa zapravkadan olib kelib, «O‘zbekneftgaz» AJga qarashi zapravka oldida sotayotgan haydovchi.
Aniqlanishicha, viloyatdagi mavjud xususiy zapravkalarda Ai-80 markali benzin 7000 so‘mdan 7800 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda.