500 000 soʻm uchun qanchaga “kessa” adolatliroq?

Shifokorlik judayam katta masʼuliyat, fidoyilik talab qiladigan kasb hisoblanadi. Aynan bu kasb egalari ushbu sohaga kirib kelishlaridan oldin o‘zining insoniyligini, burchini namoyon etish kabi maqsadlar doirasida»Gippokrat» qasamini ichishi ham bejizga emas. Afsuski, shifokorlik oq xalatiga xiyonat qilgan, “Gippokrat” qasamini buzgan tibbiyot xodimlari oramizda yo‘q emas.

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 500 ming so‘m miqdorda pora olganligi uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilganligi esa yuqoridagi so‘zimiz isbotidir. Taʼkidlanishicha, o‘rinbosar 2021 yilning avgust oyida pora bilan ushlangan.

Oliy sud matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, E. Bozorov 2017 yil sentyabr oyidan Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tumandagi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

U mansabdor shaxs bo‘lgani holda o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tamagirlik yo‘li bilan Kasbi tumani Nazartepa qishlog‘ida yashovchi M. Yarmatovaning 2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘li S. M. ni nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga esa fuqarodan 600 000 so‘m miqdorida pul mablag‘ini talab qilganligi aytilmoqda.

2021 yil 5 avgust kuni M. Yarmatovaning arizasi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. «Tadbir chog‘ida E. Bozorov o‘zining xizmat xonasida M. Yarmatovadan kelishilgan pul mablag‘ining 500 000 so‘mini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan», — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining 2021 yil 20 dekabrdagi hukmiga asosan E. Bozorov Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish) 2-qismining “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan.

Nima bo‘lishidan qatʼi nazar, jinoyat uchun jazo muqarrar.
Ayblanuvchiga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ushbu Kodeksning 45-moddasiga muvofiq 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo tayinlangan.

Aslini olganda Bozorov tomonidan olingan pullar kim uchundir arzimagan miqdordagi pul ham bo‘lishi mumkin. Katta daryolar kichik irmoqlar birlashuvidan yuzaga kelganidek, kichik jinoyatlar katta jinoyatlar sodir bo‘lishiga zamin yaratib bera oladi. Xulosa esa o‘zingizdan…