Avvalroq Umra safari uchun oldin to‘lov qilganlar uchun qo‘shimcha to‘lov borligi haqida ma’lum qilingandi. Musulmonlar idorasi ushbu to‘lovlar nima sababjan joriy etilganiga izoh berdi.
“Ijtimoiy tarmoq yurituvchilarida pandemiyadan avval, ya’ni 2020-yil fevral oyiga qadar qilingan umra to‘lovi miqdoriga qo‘shilgan qiymat borasida turli savollar paydo bo‘lmoqda.
Shu bois, qo‘shimcha to‘lov tafsiloti haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan berilgan tafsilotlarni bayon etamiz.
Birinchi, koronavirus pandemiyasi umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Avval qayd etganimizdek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatildi.
Har bir fuqaroning safarga chiqqandan to ona-Vatanga qaytib kelgunga qadar epidemiologik me’yorlarga javob beradigan tashkiliy va tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etildi. Ikkinchi, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini g‘animat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi.
Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” va Baytulloh atrofidagi “Jabal Umar” hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi.
Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan. Bular ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duoyu iltijolar bilan band bo‘lishda yengillik beradi. Yo‘l, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi.
Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o‘rganganini avval ham xabar qilgan edik. Bunda Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish bo‘yicha lisenziyaga ega bo‘lgan shirkatlar bo‘lishiga e’tibor qaratildi.
Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar umra xizmatini ko‘rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz.
Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin lisenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq “Abu Sarhad” shirkati bilan shartnoma imzolanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Qo‘shimcha to‘lovlar yuzasidan yana bir jihat. Har bir Haj yoki umra mavsumi to‘lovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablag‘lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag‘lardan muborak safarga tegishli yo‘nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas.
2020-yil fevral oyiga qadar umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi muntazam ravishda xalqimizning talab-istaklarini inobatga olgan holda umra safari narxlarini maqbullashtirishni davom ettiradi, bu borada yangiliklar bo‘lsa, rasmiy matbuotda e’lon qiladi, deyiladi xabarda.