Oʻqituvchilari ming dollar oladigan yurtga Finlandiyadan salom

Katta tabiiy boyliklar, savdo imtiyozlari yoki boshqa sezilarli daromad manbalariga ega boʻlmagan Finlandiya Yevropa shimolida joylashgan kichik bir mamlakat.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra,dunyoning eng yaxshi ta’lim tizimi Finlandiyada ekan.

Xo‘sh, dunyoda eng yaxshi hisoblanadigan Finlandiya ta’lim tizimi, boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi?

Eng avvalo, Finlandiyada nufuzli yoki oddiy maktab tushunchasi yo‘q. Hamma maktab davlatga tegishli bo‘lib, ular bir xil moliyalanadi va bir xil asbob-uskuna va imkoniyatlarga ega. Shahardan tortib, to qishloq bolalarigacha bir xil imkoniyat yaratilgan.

Chekka qishloq bolalari xarobalarda oʻqimaydi, qishda qaltirab,parti ketib,sharti qolgan partalarda oʻtirmaydi. Xususiy maktab, prezident maktabi degan narsalar yoʻq ekan ularda.

Kichik sinflarda bolalarga uy vazifasi berilmaydi, imtihon topshirmaydi va ularga baho qo‘yilmaydi. Yoshlikdanoq ikkichi va aʼlochi degan tushuncha yoʻq.

Oʻzlashtirishi past boʻlgan bolalarga «Sen odam boʻlmaysan» qabilidagi soʻzlar aytilmaydi, bolaning baribir bilmas ekanman deb oʻqishdan koʻngli sovimaydi. Oʻquvchi oʻzi xohlamasa, doskaga majburlab chiqarilmaydi.

Fin maktablarida bolalar juda ko‘p insho yozadi: mustaqil ishlash bolaga har bir masala haqida o‘z fikriga ega bo‘lishni va fikrini badiiy tilda izohlashni o‘rgatadi.

Bir mazmundagi inshoni 25 nafar oʻquvchi Xoʻja Ali, Ali Xoʻja qilib koʻchirmaydi va albatta oʻqituvchi ham bunga yoʻl qoʻymaydi.

Bir fanni boshqa fanlar o‘rnida chuqurroq o‘rganish ma’qullanmaydi. Masalan finlar matematikani gumanitar fanlardan. ko‘ra chuqurroq o‘rganish kerak deb hisoblab, ona tili dars soatlarini qisqartirmaydi.

Oʻquvchini boshqa o‘quvchi bilan qiyoslash ta’qiqlangan. Hokimning oʻgʻli boʻlasanmi, direktorning qizimi, aqlingga yarasha baho olasan. Nogiron va qobiliyatlari bolalar bir sinfda o‘qishadi, ota-ona imkoniyati cheklangan bolasi uchun maktab qidirib sarson boʻlmaydi, nogironlar uchun degan tushuncha mutlaqo yoʻq.

Fin maktablari shiori shunday: Biz bolani yo hayotga tayyorlaymiz, yo – imtihonga. Biz birinchisini tanladik”.

Shuning uchun ham fin maktablarida faqat bir marta – o‘quvchi 16 yoshga to‘lganda imtihon topshiriladi.

Boshlangʻich sinfni tugatiboq, har yili imtihon topshirish uchun harajat, yogʻe harakat qilmaydi

Fin maktablarida eng asosiysi — o‘quvchini mustaqil hayotga tayyorlashi, deb hisoblanadi.

Shuning uchun ham ularga mustaqil bilim olishni o‘rgatishadi. Bolalarga erkin fikr, tahlil,mustaqil ilm oʻrganish singdiriladi.

Qoriday yodlab olingan formula, qoida, teorema, aksiomalar o‘rniga, spravochnik, kalkulyator va internetdan foydalanishni o‘rganadi;

O‘qituvchilar bir kunda sinf xonasida 4 soat dars beradi va haftaga 2 soat (malaka oshirish uchun 5 yilni kutib oʻtirmaydi)o‘qituvchi malaka oshirishiga sarflanadi. Qandaydir qogʻozbozliklar emas, dars oʻtishda pedagogik mahorat muhim. 6-7- soat darslar oʻlar holatda oʻtilmaydi, oʻqituvchining doim oʻz ustida ishlashga vaqti boʻladi.

Oylik maosh 3700 yevrodan 5000 yevroni tashkil qiladi. Oʻqituvchi faqat darsni sifatli oʻtishni oʻylaydi,oylik yetarli,qoʻshimcha daromadga muhtoj emas. Bir necha yillardan buyon oyligi ming dollarga chiqishini kutib, zada boʻlib ketmaydi.Tomorqa, biznes,mol-hol haqida oʻylamaydi, oʻqituvchimi,faqat oʻqituvchilik qiladi.

“Oʻqituvchi” kasbi – obro‘li kasb hisoblanadi . Oliy ta’lim maskanlarida o‘qituvchi bo‘lib ishlashga juda katta konkurs mavjud. Darslarda oʻqituvchining alohida yordamchisi ham boʻladi. Ularga maktabdagi shanbaliklarga, sinf taʼmiriga,daraxt oqlashga, paxta terishga ishchi kuchi sifatida qarashmaydi, ustoz-shogird oʻrtasida hurmat yuqori boʻladi.

Eng asosiysi,Finlandiyada umumiy o‘rta ta’lim – bepul. Buning ichiga bepul obed, ekskursiya, maktab avtobuslari va kitoblar kiradi.Ota-onalardan pul yig‘ish ta’qiqlangan.

Menimcha, bu finlar bepul soʻzining maʼnosini tushunmaydiyov. Bepul taʼlim maktab fondi, sinf fondi,yosh kuch, farrosh uchun, yil boshida kitob,hujjatlar uchun pul yigʻishni ham oʻz ichiga olishini haliyam tushinib yetmagan koʻrinadi bular. Bepul taʼlim emish yana!!!