Tafakkur vaqti: Tilshunos va qayiqchi

Bir kun magʻrur tilshunos sohilda turgan qayiqqa minib narigi qirgoqka oʻtmoqchi boʻldi. Sohilda yoʻlovchi kutib turgan qayiqchilardan biriga yuzlandi. Qayiq yaqinlashdi. Olim qayiqqa oʻtirdi. Dengizni tomosha qilib ketayotgan olim qayiqchidan soʻradi:

— Sen hech nahv (grammatika) oʻqiganmisan?
Yoʻq men johil bir qayiqchiman.

Olim:

— E voh, juda xafa boʻldim. Demak yarim umring behuda oʻtibdi, deya achinib qayiqchiga qaradi.
Shu vaqt dovul turdi. Keyin dengizning oʻrtasida chayqala boshladi, qayiqchi butun kuchi bilan xavfdan qutulish uchun harakat qildi. Boʻron borgan sayin kuchayar, qayiq esa choʻkish arafasida edi. Shu vaqt qoʻrquvdan dir-dir titrayotgan olimdan qayiqchi soʻradi:

— Ey, har narsani bilgan olim doʻstim. Suzishni bilasanmi?

Yoʻq javobini olgan qayiqchi:

— Voh, voh, sen umringni behuda sarflabsan. Hozir butun umring ketdi. Chunki birozdan keyin qayigʻim choʻkadi. Yaxshi bilginki, bu yerda hozir nahv (grammatika) emas, mahv ilmi lozim. Agar mahv ilmini bilsang, qoʻrqmasdan dengizga sakra dedi.

Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»sidan