Navoiy shahridagi savdo majmuasida bobo va nabira eskalatordan qulab tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasida bobo va nabira eskalatordan qulab tushgani to‘g‘risidagi video lavhalar tarqaldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, voqea kecha, 18-fevral kuni soat 20:30 larda sodir bo‘lgan. Karmana tumanida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan Sh.T. 3 yoshli nabirasi A.S. bilan Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasiga borgan. Ular savdo majmuasining 5 va 4-qavat oralig‘idagi eskalatorda muvozanatni yo‘qotib, 1-qavatga tushib ketgan. Fuqaro Sh.T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan nabirasi A.S. esa viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Navoiy shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.