«Qilmish–qidirmish»! Sirdaryoda Telegram orqali ekstremistik materiallarni tarqatgan shaxs ushlandi

Sirdaryoda Telegram orqali ekstremistik materiallarni tarqatish bilan shug‘ullangan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 1992 yilda tug‘ilgan A.X Telegram messenjerida virtual guruh ochib, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarni joylashtirish orqali uni internet foydalanuvchilari orasida ommalashtirgan.

Shuningdek, olib borilgan tekshiruvlar jarayoni davomida A.X. ning yaqin aloqasi, 1991 yilda tug‘ilgan Gʻ.D ismli shaxs ham aniqlanib, tergovga jalb etildi.

Mazkur shaxslarning uyali aloqa vositalari va yashash manzillaridan olingan daliliy ashyolar prosessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Sirdaryo viloyat IIB Tergov Boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «G» bandi (ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va A.X ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.