Prezident “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Adliya vazirligi va Bosh prokuratura uch oy muddatda aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritadi.
Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
a) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar:
qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;
qarzdorga lisenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik;
b) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash.
Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratiladi.
Belgilanishicha, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.
Bosh prokuratura va Moliya vazirligi ikki oy muddatda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.